Besh nafar yurtdoshimizga ID-kartalar topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tumani Xalq qabulxonasida hududda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan 5 nafar yurtdoshimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligini tasdiqlovchi ID-kartalar topshirildi.
Feruza Ahmedova, 1988 yil 21 fevralda Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida tug‘ilgan. Millati tojik, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali 2 nafar farzandi bor, Buxoro viloyati Kogon tumanida doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashab kelmoqda. F.Ahmedova 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasiga doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgan. Mazkur tumanning O‘ba Cho‘li mahalla fuqarolar yig‘ini Oybek qishlog‘i 28-uyda doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashab kelmoqda. ID-kartaga ega bo‘lib quvonchlarga to‘lgan yurtdoshlarimiz orasida u ham bor.
– Garchi O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sgan bo‘lmasam-da, shu yurtda yashayapman, – deydi tadbir ishtirokchisi Feruza Ahmedova. – Bugun yuragimning bir chetidagi armon tugunlari yechildi. Endi boshimni dadil ko‘tarib, mana shu yurtning haqiqiy fuqarosi ekanligimdan g‘ururlanib yuraman.
O‘zbekistonni o‘z Vatani biladigan, ammo fuqarolik ololmagani uchun turli mashaqqatlarga uchrab yurgan yurtdoshlarimizning yelkasiga ham oftob tegdi. Ularning eng buyuk orzulari ushala boshladi. Chin ma’noda shu yurt farzandi ekanini his etdi.
Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan bu qo‘llab-quuatlov ularga haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA