Besh muhim tashabbus g‘oliblari taqdirlandi
Jizzax shahrida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir doirasida yana bir muhim, esda qolarli voqea – Jizzax shahridagi 29-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalangan 17 nafar bitiruvchiga yangi uylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilda o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish maqsadida 5 ta muhim tashabbus ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalarida Jizzax viloyatidagi umumta’lim maktablaridan jami 12 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yosh ishtirok etdi.
Tadbirda 24 ta maktabga vazirlik tomonidan 1 milliard so‘mlik robototexnika, musiqa va sport jihozlari topshirildi.
Jizzax shahridagi 14-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Shohrux Erkinov O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy-ommabop nashri – “XXI asr texnologiyalari” jurnali tomonidan e’lon qilingan “Raqamli texnologiyalar yoshlar nigohida” tanlovida o‘zining “Lampali soat”, “Analog soat”, “LED maska” hamda “Antiqa ryukzak” kabi ixtirolari bilan ishtirok etib, tanlovda g‘olib bo‘ldi.
Tadbir avvalida iqtidorli o‘quvchilar tomonidan 5 ta tashabbus doirasida ko‘rgazma tashkil etildi. Adabiyot, san’at, madaniyat, sport va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi har biri o‘ziga xos bo‘lgan ijodiy ishlar namoyishi mehmon va kuzatuvchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Abdujalol QAYUMOV, O‘zA