Berlin qurol sanoatida “qirol” bo‘lmoqchi
Germaniya hukumati Yevropadagi yirik harbiy texnika ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “KNDS” kompaniyasi aksiyalarining 40 foizini sotib olishni rejalashtirmoqda. “AFP” agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, keyinchalik bu ulush ikki-uch yil ichida 30 foizgacha qisqartiriladi.
Hozirda “KNDS”ning bir qismi Fransiya davlat kompaniyasiga tegishli bo‘lsa, qolgan aksiyalar GFRning Vegmann oilasi qo‘lida. Yangi kelishuvdan keyin Germaniya ham Fransiya kabi qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Yevropada xavfsizlik masalalari keskinlashgani sababli qurol ishlab chiqaruvchi korxonalarga qiziqish ortib bormoqda. Shu bois, “KNDS” aksiyalarini ochiq bozorga chiqarish rejasi ham kun tartibiga chiqqan. Germaniya hukumati esa harbiy sanoatda mustaqil ta’sirini saqlab qolishga urinmoqda.
“KNDS” GFR va Fransiya armiyalari uchun tank, uzoq masofaga o‘q uzuvchi artilleriya qurollari hamda boshqa harbiy texnikalar ishlab chiqaradi. Kompaniya “Leopard 2” tanklari bilan dunyoda mashhur hisoblanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA