Qishning ayozli kunlarida, qolaversa, yangi yil bayrami arafasida aholiga, ayniqsa, maktab o‘quvchilariga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda qator yo‘nalishlar bo‘yicha bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Andijon viloyati Baliqchi tumani hokimligi tashabbusi bilan joriy yil 15 dekabridan boshlab Baliqchi – Chinobod, Chinobod – O‘rmonbek, Chinobod – Eski Haqulobod yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatmoqda.
Bepul avtobuslar har kuni ertalab soat 7.00 dan kech soat 18.00 ga qadar grafik asosida harakatlanib, fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilmoqda. Ushbu xayrli va savobli ishdan aholi behad mamnun.
– Bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganligidan barcha xursand, – deydi Zulxumor Malikova. – Shaxsan men Chinobod shaharchasidan tuman markazi Baliqchiga qatnab ishlayman. Ushbu avtobus xizmatidan har kuni foydalanaman. Qulay hamda bepul ushbu xizmatdan mamnunman. Mana shunday xayrli ishga bosh bo‘lgan tuman hokimligiga minnatdorchilik bildiraman.
Tuman hokimligi tomonidan avtobuslar yoqilg‘i bilan ta’minlanmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bepul avtobuslar qatnovi ayozli kunlar tugagunga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri