Bemordan koʻngil soʻrashning vaqti va odobi bor...
Ijozatli kunlarda bemorni ziyorat qilishning oʻziga xos odoblari bor.
Ijozatli kunlarda bemorni ziyorat qilishning oʻziga xos odoblari bor. Moʻmin kishi shundan boxabar boʻlsa, mehr-oqibati barchaga ibrat boʻlmogʻi tayin. Xususan, kasal kishini ziyorat qilishda besh odob bor...
Birinchi odob. Oshnolar bemorning, u qanday kasallikka: koʻz ogʻrigʻi, tish ogʻrigʻi va boshqa dardga yoʻliqqan boʻlishidan qatʼi nazar, undan hol-ahvol soʻrashi kerak.
Ikkinchi odob. Kasal kishi garchi gʻayridin boʻlsa-da, uni ziyorat qilish lozim.
Uchinchi odob. Kasalning oldiga kirilganda, ochiqyuzlilik, tabassum va shafqat bilan muomala qilish kerak. Bemorning oldiga yangi kiyimlar bilan kirilmaydi. Tabassum bilan kirilib, bemorning bosh tarafida oʻtiriladi. Bemorning yuziga tez-tez qaramaslik, koʻp va baland ovozda gapirmaslik zarur. Qoʻlini kasalning peshonasiga yoki qoʻliga qoʻyib, undan ahvolini soʻrash lozim. Kasalni har kuni emas, balki ikki kunda bir soʻrash lozim.
Toʻrtinchi odob. Bemordan “koʻnglingiz nimani tusaydi?”, deb soʻrash kerak. Agar bemorning koʻngli tusagan narsa unga zarar boʻlmasa, uni keltirib berish yoki yaqinlariga keltirib berishni aytish zarur. Agar bemorning koʻngli harom narsalarni tusasa, unga keltirib berilmaydi...
Beshinchi odob. Bemorning oldida koʻp oʻtirilmaydi va tez turish darkor. Illo, bemorning oʻzi buni talab qilsa, uning koʻnglini koʻtarish uchun koʻp oʻtirish joiz. Bemor bilan suhbatlashish asnosida uning koʻnglini koʻtaradigan soʻzlarni va hikoyalarni aytib berish kerak.
Bemordan koʻngil soʻrash vaqtining miqdori bir sigir sogʻib boʻlganchalik vaqtdir.
Ikkinchi fasl
Bemorning oʻziga xos odoblari ham beshtadir.
Birinchi odob. Bemor baʼzan yengil nola qilishi kerak. Bu sunnatdir. Lekin nola hargiz shikoyat, gʻam tufayli emas, balki boshini biror narsa bilan bogʻlab: “Voy boshim!” deb nola qilish kerak. Bundan maqsad tezroq sogʻayib ketishdir...
Ikkinchi odob. Bemor dard-alam paydo boʻlganda, shukr qilishi kerak. Hargiz oʻziga oʻlim tilamaslik zarur.
Uchinchi odob. Bemor gunohlardan tavba qilib, yaxshi gumon qilishi kerak. Zimmasida odamlarning haqi boʻlsa, uni zudlik bilan ado etishi kerak. Hamsuhbatlarining barchasidin rozi-rizolik soʻrashi lozim. Xotima, yaʼni umrini poyoni xayrli boʻlishi uchun tirishishi darkor.
Toʻrtinchi odob. Issiq jon, isitmasiz boʻlmaydi. Shu bois bemor ahvoli ogʻirlashsa, dafn marosimi va kafanlash ishlarini vasiyat qilishi kerak. Yaʼni: meni shunday kafanlanglar, falon joyga koʻminglar, deb vasiyat qilishi joizdir.
Beshinchi odob. Yaqinlariga, qavmu qarindoshlariga biror kor-hol yuz bersa, sabr qilinglar, deb vasiyat qilishi zarur.
TAʼZIYA BILDIRISH ODOBI
Uchinchi fasl
Musibat ahli odoblari bayonidadir. Buning ham besh odobi bor.
Birinchi odob. Har bir moʻmin kishi birodarining vafot etganini eshitsa: “Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun”, yaʼni: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va, albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, deyishi kerak.
Ikkinchi odob. Musibat ahliga taʼziya bildirish kerak. Dafndan avval yoki keyin boʻlsa-da, taʼziya bildirish mustahabdir. Imom Muhammad nazdida taʼziya uch kungacha joizdir, undan keyingisi makruh.
Uchinchi odob. Tobut koʻtarib ketayotgan kishilar sukut saqlashlari vojib. Ayol kishi tobut ortidan ergashmaydi.
Toʻrtinchi odob. Marhum uchun dod-faryod solib, baqirib yigʻlash haromdir.
Toʻrtinchi fasl
Qabrlarni ziyorat qilishning toʻrt odobi bor.
Birinchi odob. Erkaklarga qabristonni koʻp ziyorat qilish mustahabdir. Agar kishi ota va onasining qabrini koʻp ziyorat qilsa, vafotidan keyin uning qabrini farishtalar ziyorat qilishadi. Ayollar ham qabristonni ziyorat qilishlarida monelik yoʻq. Chunonchi, Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam: “Qabrlarni ziyorat qiling. Chunki u sizga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ikkinchi odob. Musulmonlarning qabristonini oyoqosti qilish, ot bilan qabristonni bosib oʻtish mumkin emas. Qabrlar ustiga oʻtirmaslik, suyanmaslik lozim.
Uchinchi odob. Ayollar erlarining izni ila qabristonlarni ziyorat qilishi mumkin. Lekin bu ziyorat koʻp boʻlmasligi kerak.
Toʻrtinchi odob. Ota-ona yoki yaqin qarindoshlarning qabrlari boshida doimiy turish kerak emas. Bu johiliyat davri odatidir.
Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari