Belgilangan vazifalar muhokama markazida
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida»Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish borasida belgilangan ustuvor vazifalar» mavzusidagi matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori A. Inakov, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i U. Nazarmatov, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari N. Mirjalilov va boshqa mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Ta’kidlandiki, 2017–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam va xizmat ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur islohotlar natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro‘yxati 22 turdan 27 tagacha ko‘paytirildi. Reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash 47 mingtani tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 2 barobarga oshdi. tibbiy-ijtimoiy muassasalarda 267,2 mlrd. so‘mlik, shu jumladan, 2017 yilda – 47,6 mlrd. so‘mlik, 2018 yilda – 74,9 mlrd. so‘mlik, 2019 yilda esa – 92,0 mlrd so‘mlik va 2020 yilda – 52,7 mlrd. so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Shuningdek, keyingi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va tibbiy-ijtimoiy ekspertiza sohasida ham me’yoriy-huquqiy hujjatlar takomillashtirilayotgani borasida muhim fikrlar aytildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabr PF-5270-son «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyun PQ-3787-son «Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqarilishini rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-6155-son Farmoni shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining «Nogironlik muammolari bo‘yicha Idoralararo kengash tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi, kelishuvdan o‘tkazildi va o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash hududiy markazlarining Nizomlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.
Darhaqiqat, nogironlik butun dunyo hamjamiyati qatori O‘zbekistonda ham dolzarb ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi.Nogironlikni kelib chiqishi turli salbiy omillarga bog‘liq bo‘lib, ularni bir nechta asosiy guruhlarga bo‘lish mumkin.
Birinchidan, inson omili. Fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsizligi, kasallanishning oldini olish borasida sog‘lom turmush tarzini kechirmasligi, zararli odatlar – chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi, ratsional ovqatlanmasligi va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmasliklari, kasallanish belgilari namoyon bo‘lganda, shifokorlarga murojaat qilmasliklari va faol davolanmasligi.
Ikkinchidan, tibbiy omillar –dispanser nazoratidagi bemorlarning tizimli davolanmasliklari yoki uzoq va surunkali kasallangan bemorlarni, turli xil jarohatlar, ularning asoratlarini samarasiz davolanishi, xavfli o‘sma kasalliklarini kech diagnostika qilinishi.
Uchinchidan, ishchi-xodimlarning ish joylaridagi salbiy omillar – ayrim ish joylarining chang va turli sog‘liqqa zarar keltiruvchi gazlar bilan to‘lganligi, doimiy yelvizak sharoitlarning bo‘lishi, og‘ir jismoniy mehnat qilish, ish beruvchilar va xodimlar tomonidan mehnat va texnika xavfsizligiga e’tibor bermaslik va rioya qilmaslik.
To‘rtinchidan,ijtimoiy omillar – fuqarolarning hayotiy og‘ir sharoitlarga tushib qolishlari, moddiy ta’minotining pasayib ketishi, sanitar me’yorlardan past darajada ovqatlanishga majbur bo‘lish hollari, buning natijasida oqsillar, yog‘lar va uglevodlarning kunlik me’yorlardan kam miqdorda organizmga tushishlari, sanitar me’yorlarga javob bermaydigan sifatsiz uy-joy, yashash sharoitlarida yashashga majbur bo‘lishlari, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganliklari, salbiy ekologik va texnogen omillarning inson organizmiga salbiy ta’sirlari.
O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi Qonun (4-moddasi)ga binoanbugungi kunda shaxsni nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish ikkita alohida tizim orqali, ya’ni 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga «nogironligi bo‘lgan bola» xulosasini berish tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan Tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan, 16 yoshdan katta shaxslarga nogironlik belgilash esa Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tizimi orqali amalga oshirilib kelinayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida» gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun bekor qilinib, amalda qabul qilingan nogironlikni belgilash masalalari bilan bog‘liq normativ hujjatlar ham takomillashtiriladi.
«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun talablari asosida nogironlik belgilashni to‘liq qamrab oluvchi yagona tizimni tashkil etish, shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori loyihasi ishlab chiqildi, Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan ta’kidlanganidek, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyatida shaffoflik ta’minlanadi. Inson tug‘ilgandan toki umrining oxirigacha davrni qamrab oladigan yagona ekspertiza tizimi yaratiladi. Tibbiy-mehnat ekspertiza (TMEK) tizimidan Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza (TIEK) tizimiga o‘tiladi.18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilovchi 19 ta pediatriya TIEK tashkil etiladi. Bolalarda nogironlikni 16 yoshgacha emas, balki amaldagi qonunchilikka asosan 18 yoshgacha etib belgilash tartibi joriy qilinadi. Ekspertiza o‘tkazish jarayonida byurokratiya va fuqarolar ovoragarchiligiga barham beriladi. Ko‘rikdan o‘tish muddatlari qisqartiriladi va tartibi soddalashtiriladi.Fuqarolarni sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish tartibi tatbiq etiladi. Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, ularni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz belgilash amaliyoti joriy etiladi.
Belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos bo‘lgan «ijtimoiy modeli»ga bosqichma-bosqich o‘tilishi ta’minlanadi.
Anvar Qobilov,
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi
Matbuot xizmati rahbari