Belaruslik hamkasblar tajribasi oʻrganildi
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi delegatsiyasi Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik IT-klasterlardan biri hisoblangan Belarusning Yuqori texnologiyalar parkiga tashrif buyurdi.
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi delegatsiyasi Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik IT-klasterlardan biri hisoblangan Belarusning Yuqori texnologiyalar parkiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv doirasida mazkur park faoliyatiga doir masalalar, uning rezidentlari ishini monitoring qilish hamda Belarus Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-dekabrdagi “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi Dekreti muhokama qilindi. Ushbu hujjatda park rezidentlari shugʻullanishlari mumkin boʻlgan 36 faoliyat turlari roʻyxati tuzilgan. Park vakillarining soʻzlariga koʻra, mazkur roʻyxat IT-kompaniyalar mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, umumdavlat klassifikatoriga javob beradi.
Ushbu ijobiy tajriba Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi oʻz rezidentlari faoliyat sohalarini kengaytirish ishlarini davom ettirishi zarurligini koʻrsatadi. Shu maqsadda Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi uchun maxsus Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat klassifikatorini ishlab chiqish yuzasidan taklif tayyorlanmoqda. U tasdiqlangach, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi oʻz rezidentlari bilan yanada samarali hamkorlik qilish imkoniga ega boʻladi.
Yuqori texnologiyalar parkiga tashrif chogʻida shuningdek, Belarusning IT-autsorsing boʻyicha yirik vakillaridan boʻlmish “EPAM Systems” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv ham tashkil etildi.
Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi vakillari taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanib, banklar, elektron savdo va birja tarmogʻi uchun kompleks ishlanmalar yaratuvchi “SoftClub” kompaniyasi, har qanday biznes uchun ishlanmalar yetkazib beruvchi “LWO” xalqaro kompaniyasi bilan muzokaralar olib bordi. Ushbu uchrashuvlarda AKT sohasidagi turli loyihalar boʻyicha hamkorlik qilish, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi rezidentlari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi, shuningdek, Oʻzbekistonda mazkur kompaniyalarning vakolatxonalarini ochish imkoniyatlari oʻrganildi.
Yuqori texnologiyalar parkining oʻziga xosligi shundaki, unda texnik yoʻnalishdagi sifatli taʼlim, axborot texnologiyalar sohasidagi kadrlarning yuksak darajadagi professionalligi va IT-tarmoqning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi mujassam.