Belarusda «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tadi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida 2024-yilga mo‘ljallangan SHHT madaniyat vazirlarining yig‘ilishida O‘zbekiston tomonining ishtirokini ta’minlash, 2025-yilda Belarusda "O‘zbekiston madaniyati kunlari"ni tashkil etish, O‘zbekiston hamda Belarus Madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturini imzolash, kino sohasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma kinoasarlar yaratish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda shuningdek, ikki davlat vakillarining xalqaro madaniy tadbirlarda o‘zaro ishtirokini ta’minlash maqsadida faol hamkorlikni davom ettirish, doimiy ravishda o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, festivallar va simpoziumlarda har ikki davlat vakillarining ishtirokini ta’minlash, ikki davlat teatrlari o‘rtasida gastrol almashinuvini hamda madaniy ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni bu yili o‘tkaziladigan «Lazgi» II raqs festivali, «Maqom» xalqaro anjumani va «Sharq taronalari» musiqa festivalida Belarus Respublikasi san’atkorlarini ham faol qatnashishga chaqirdi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
N.Usmonova,
O‘zA