Belarusda hali ham 10 mingdan ziyod migrant qolmoqda
Yevropa ittifoqiga o‘tmoqchi bo‘lib turgan 10 mingdan ziyod migrantlar hamon Belarus hududida qolmoqda, deb bayonot berdi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Riga shahrida Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga.
Avvalroq Belarusdan Iroqning 430 nafar fuqarosi vataniga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.
"Jami o‘n mingdan ziyod migrant hali ham Belarus hududida qolmoqda", — dedi Moravetskiy.
Uning ta’kidlashicha, vataniga qaytish imkoniyatidan foydalanganlar – ular "ushbu vaziyatdan biror narsa umid qilib bo‘lmasligini va ularni Lukashenko rejimi hamda kontrabandistlar aldaganini tushunib yetgan odamlardir".
Shuningdek, Moravetskiyning ma’lum qilishicha, chegarada inqiroz boshlangandan buyon Polsha hukumati odamlarni chegaradan noqonuniy olib o‘tishga aloqador qariyb 400 kishi qo‘lga olgan. "Ular turli millat vakillari bo‘lib, oralarida G‘arbiy Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari odamlari ham bor", — dedi u.