Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Anvar Davletov bilan uchrashdi va qator sanoat korxonalarida bo‘ldi.
Elchixona matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuv va muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamini kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilingan.Tomonlar vohaga sanoat, go‘sht va sut mahsulotlari, Belarusga esa meva-sabzavot, to‘qimachilik va boshqa tovarlarni o‘zaro yetkazib berish rejasini tuzishgan.

Janob elchi Hazorasp tumanidagi “New Best Style" mas’uliyati cheklangan jamiyati gul qog‘oz (oboy) fabrikasida tayyor mahsulot turlari bilan tanishdi. “KovoTyex” MCHJda esa belaruslik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish imkoniyati tahlil qilindi.

“Damas” va “Labo” rusumli avtomashinalar ishlab chiqariladigan “UzAuto” zavodida mahalliylashtirish va avtomobil uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish masalasi ko‘tarildi. Bundan tashqari Belarusning yurtimizdagi diplomatik missiyasi rahbari “Khorezm insulation group” MCHJ qo‘shma korxonasida bazalt mineral jun ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, “UzXCMG” MCHJda Belarus maxsus texnika ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish salohiyati o‘rganildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA