Yurtimizda har yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini keng ko‘lamda tashkil etish davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Bu jarayonda ayniqsa, elektr ta’minotida uzluksizlik va xavfsizlikni ta’minlash aholi turmush darajasi uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu ma’noda, Bektemir tumanida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal sur’atlarda olib borilib, elektr tarmoqlari, transformator punktlari va infratuzilmalar bosqichma-bosqich yangilanmoqda.

Bu haqda Bektemir tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Bahodir Mahamadjonov quyidagilarni ma’lum qildi.
—Tumanimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi qarori hamda 2025 yil 22 sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasining 598-sonli qarori doirasida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda umumiy 24,176 km elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilindi, shuningdek, 3 ta transformator punkti zamonaviy, yuqori quvvatli uskunalarga almashtirildi.
Jumladan, "Mirishkor", "Iqbol", "Zilola", "Rohat", "Abay", "H.Baykaro", "Musaffo", "Zabardast" va "Majnuntol" MFYlarda 10 kV va 0,4 kV eski simlar yangilanib, zamonaviy simlar bilan almashtirildi. Tarmoqlarda yana 3 ta transformator punkti yangi 630/10 kVAli va 400/10 kVAli zamonaviy transformatorlarga almashtirildi. Elektr ustunlarini yangilash doirasida 30 dan ziyod temir-beton ustunlar o‘rnatildi.

Shuningdek, 2025–2026 yillar mobaynida yuqori kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish va qo‘shimcha 10 ta GKTP o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlar “Majnuntol”, “Bektemir”, “Ustozlar”, “Nurafshon”, “Sohil”, “Oltintopgan” va “Nurli yo‘l” mahallalarini qamrab oladi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida tumanda elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish, quvvat o‘tkazuvchanligini oshirish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish imkoni yaratiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA