Behzod Hamroyev: “100 ming soʻmlik kupyura inflyatsiya ortishiga emas, aksincha, pasayishiga taʼsir koʻrsatadi”
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 16 foizda oʻzgarishsiz qolganini izohladi.
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 16 foizda oʻzgarishsiz qolganini izohladi.
Bunga sabab inflyatsiyaning prognozga nisbatan past boʻlgani, yaʼni meva-sabzavotlarning narxi oʻtgan yilga nisbatan oshmagan.
Shuningdek, iqtisodiyotda dollarizatsiya pasayib, soʻmga ishonch ortmoqda. Bu fikr banklardagi xorijiy valyutadagi depozitlarning omonatlardagi ulushi oʻtgan yilga nisbatan 6 foizga pasayib, 30 foizni tashkil etganida oʻz isbotini topmoqda.
Xususan, yanvar oyining 30 kunida banklarga 770 milliard soʻm depozitlar qoʻyilgan boʻlib, agarda inflyatsiya xuruji boʻlsa, odamlar pul jamgʻarmagan, balki undan xarid maqsadida foydalangan boʻlardi.
Inflyatsiya surʼatining pasayishda davom etayotgani, iqtisodiy faollik ortib borayotgani albatta quvonarli. Chunki oʻtgan yili inflyatsiya darajasi 16-17 foiz deya prognoz qilingan edi. 2018 yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 14,3 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning oʻtgan bir oyida esa bankning joylardagi oʻrganishlari natijasi inflyatsiya darajasini 1,4 foizga teng ekanini koʻrsatmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davrida 2,7 foizni tashkil etgan.
Qayd etish joizki, inflyatsiyaning eng yuqori boʻlgan davri koʻp hollarda yilning birinchi choragiga toʻgʻri keladi. Ayni vaqtda esa barqarorlik kuzatilmoqda.
Koʻpchilik 100 ming soʻmlik kupyuraning chiqishi inflyatsiyani kuchaytirishi mumkin, degan fikrda boʻlishi mumkin.
Biroq, Markaziy bank oʻtkazgan brifingda dizayni yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilayotgan yangi pul birligi inflyatsiya ortishiga emas, aksincha, uning pasayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi qayd etildi.
Yirik boʻlgan bu pul jamgʻarib borishga qulayligi bilan bir vaqtda odamlarni dollar yigʻishga boʻlgan qiziqishini pasaytirishi taxmin qilinmoqda.