O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Begali Qosimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi hamda adabiyotshunos olimning birinchi, ikkinchi, uchinchi jild “Tanlangan asarlar” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar olimning ilmiy va adabiy merosi, uning insoniy fazilatlari, ustozlik jihatlari hamda yangi nashrdan chiqqan uch jildlik kitoblarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.
“Tanlangan asarlar”ning birinchi jildiga Uzoq Jo‘raqulov muharrirlik qilgan. Unda o‘zbek adabiyotining qadimgi davridan XIX asr oxirlarigacha bo‘lgan adabiy hodisalar, ijodkorlar, ularning asarlari haqidagi tadqiqotlar jamlangan.
Ikkinchi jildda Begali Qosimovning ilmiy faoliyatida jadidchilik va jadid adabiyoti yetakchi o‘rinni egallaydi. Unda ayni shu mavzuga oid tadqiqotlar o‘rin olgan. Munavvarqori, Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvar shoirlar asarlarida jadidchilik g‘oyalari ilmiy-nazariy asosda tahlil etilgan. Ushbu to‘plamga professor Nurboy Jabborov muharrirlik qilgan.
Uchinchi jildda zamonaviy adabiy-tarixiy jarayon bilan bog‘liq maqolalar, adabiy suhbat hamda safar xotiralari jamlangan. Bunda olimning mustaqillik davri adabiy-ilmiy hayotiga doir jiddiy kuzatishlari, zamondoshlari bilan bo‘lgan suhbatlari o‘z ifodasini topgan. Unga professor Bahodir Karimov muharrirlik qilgan.
Mazkur to‘plamlar joriy yilda Yozuvchilar uyushmasi homiyligida 1000 nusxadan chop etilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Begali Qosimov 1942 yil 19 dekabrda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Allot qishlog‘ida tug‘ilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, atoqli adabiyotshunos olim Begali Qosimov 30 ga yaqin kitob va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Begali Qosimovning ilmiy tadqiqotlari o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy aloqalar, o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi, matnshunoslik, jadidchilik hamda jadid adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Fidoyi adabiyotshunos olim XX asr o‘zbek adabiyoti muammolari, shu davr namoyandalari haqida “Mirmuhsin Shermuhamedov”, “Abdulla Avloniy”, “Ma’rifat darg‘alari”, “Ismoilbek Gasprali” kabi asarlar yozgan. Shuningdek, Yassaviy, Navoiy, Bobur haqida ham ilmiy tadqiqotlar olib borgan. “O‘zbek adabiyoti” (5-, 7-, 9-, 11-sinflar uchun), “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” (bakalavrlar uchun) darsliklari hammuallifi edilar.
Tadbirda ustoz Begali Qosimovning ijod yo‘li, shogirdlari, ilmiy izlanishlarining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zA