Beeline Uzbekistan TIIF doirasida ESG Awards 2026 mukofotiga sazovor bo‘ldi
Beeline Uzbekistan ESG Awards 2026 tanlovida ikkita muhim e’tirofga sazovor bo‘ldi. Kompaniyaning Beeline Academy loyihasi “Inclusive Growth & Education Empowerment” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Shuningdek, Less In, Same Out loyihasi “Responsible Production & Sustainable Supply Chains” nominatsiyasida Faxriy sertifikat bilan taqdirlandi.
Mukofotlar Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF)ning besh yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ilk ESG Award Ceremony & ESG Review Report Presentation marosimida topshirildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi (FIC) hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ESG va Sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha FIC ishchi guruhi doirasida tashkil etildi.
Tadbir ekologik va ijtimoiy sohalarda sezilarli natijalarga erishayotgan FIC a’zosi kompaniyalarni birlashtirdi hamda ESG bo‘yicha yillik hisobot taqdimoti uchun platforma vazifasini bajardi.
Beeline Uzbekistan tanlovga ikkita loyihani taqdim etdi va ularning har ikkalasi ham ekspertlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.

“Inclusive Growth & Education Empowerment” nominatsiyasida kompaniyaning Beeline Academy ta’lim loyihasi g‘olib bo‘ldi. Loyiha pedagoglarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim tizimiga joriy etishga qaratilgan. Mukofotga sazovor bo‘lgan loyiha doirasida O‘zbekistonning barcha hududlaridan qariyb 1 000 nafar informatika o‘qituvchisi ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan amaliy foydalanish bo‘yicha o‘qitildi hamda malaka oshirish sertifikatlarini oldi.
Faxriy sertifikat bilan taqdirlangan Less In, Same Out loyihasi esa Beeline Uzbekistan telekommunikatsiya infratuzilmasining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 1 500 dan ortiq baza stansiyalaridagi an’anaviy qo‘rg‘oshin-kislotali akkumulyatorlar zamonaviy litiy-temir-fosfat (LiFePO₄) akkumulyatorlariga almashtirildi. Natijada yiliga 16,8 GVt·soat elektr energiyasi tejalmoqda, tarmoq ishonchliligi oshdi va resurslardan foydalanish samaradorligi yaxshilandi.
Taqdirlash marosimida kompaniya nomidan Beeline Uzbekistan bosh direktori Evgeniy Nastradin va VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘li ishtirok etdi.
“Beeline Uzbekistan’ning ESG mukofoti AI1440 konsepsiyamiz amalda qanday ishlayotganini ko‘rsatadi. O‘qituvchilarga sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rgatish — bu sun’iy intellektni insonlarni almashtiruvchi emas, balki ularning imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida ko‘rish haqidagi qarashimizning yorqin namunasidir. Bu texnologiya o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlash va o‘quvchilari uchun yanada samarali pedagog bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, tarmog‘imizning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz ham e’tirof etilganidan mamnunman. Biz O‘zbekiston uchun uzoq muddatli qiymat yaratadigan yo‘nalishlarga investitsiya kiritishda davom etamiz,” — dedi VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘li.
“Biz uchun ESG faqat ekologiya va korporativ boshqaruv masalasi emas. Eng avvalo, bu insonlar va ularning rivojlanishi uchun yaratayotgan imkoniyatlarimiz demakdir. Beeline Academy loyihasining ESG Awards 2026 tanlovida 1 000 nafar o‘qituvchini sun’iy intellektdan amaliy foydalanishga o‘rgatgani uchun g‘olib bo‘lishi shuni tasdiqlaydiki, inson kapitaliga kiritilgan investitsiya — O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining kelajagiga kiritilgan investitsiyadir. Pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali biz texnologiyalarning jamiyat manfaatlariga xizmat qilishiga ko‘maklashamiz va kelajak avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratamiz,”— dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Evgeniy Nastradin.
Beeline Academy loyihasi 2023-yildan buyon amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida Toshkent xalqaro ta’lim universitetida (TIUE) zamonaviy kompyuter laboratoriyalari va darslarni yozib olish studiyasi tashkil etilgan. 2024–2025-yillarda 1 300 nafardan ortiq o‘qituvchi va talaba sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik hamda raqamli texnologiyalar bo‘yicha bepul ta’lim dasturlarini tamomladi.
Hozirda mamlakatning turli hududlaridan yana 1 000 nafar o‘qituvchi uchun sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi o‘quv kursi o‘tkazilmoqda. Joriy tinglovchilarni hisobga olganda, Beeline Academy doirasida ta’lim olgan yoki olayotgan pedagoglar soni qariyb 2 300 nafarga yetadi.
Beeline Uzbekistan’ning barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi izchil faoliyati boshqa xalqaro va milliy maydonlarda ham e’tirof etilgan. 2025-yilda kompaniya raqamli HR hujjat aylanish tizimini joriy etgani uchun Employer Brand Award & Summit EMBRAS mukofotining “Innovation” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. 2024-yilda Beeline Uzbekistan xalqaro CIPS Excellence Awards tanlovining “Outstanding Diversity and Inclusion Practices” nominatsiyasida eng yaxshi uch finalchi qatoridan joy oldi, 2025-yilda esa “Inson uchun” marosimida inklyuziv bandlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi.
ESG Awards 2026 doirasida qo‘lga kiritilgan ushbu mukofotlar Beeline Uzbekistan’ning raqamli ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda telekommunikatsiya tarmog‘ining ekologik samaradorligini oshirishga qaratilgan barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirib kelayotganining e’tirofidir.
Beeline Uzbekistan haqida
Beeline Uzbekistan (Unitel MCHJ) 2006-yil 12-sentabrdan buyon Beeline Uzbekistan brendi ostida raqamli operator xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniya mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, faoliyati davomida qariyb 2,1 milliard AQSH dollari miqdorida soliq to‘lagan. Beeline Uzbekistan’da 2 000 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Kompaniya 2024, 2025 va 2026-yillarda Top Employer sertifikatiga sazovor bo‘lgan.
Beeline Uzbekistan VEON Group tarkibiga kiradi. VEON 2006-yilda O‘zbekiston bozoriga kirganidan buyon mamlakat telekommunikatsiya sohasiga 1,6 milliard AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritgan.
VEON — 150 milliondan ortiq telekommunikatsiya foydalanuvchilari va 229 million raqamli mahsulot foydalanuvchilariga aloqa xizmatlari hamda raqamli yechimlar taqdim etuvchi xalqaro raqamli operator. Kompaniya dunyo aholisining 6 foizdan ortig‘i istiqomat qiladigan beshta mamlakatda faoliyat yuritadi va texnologiyalar yordamida insonlar hayotini yaxshilash, imkoniyatlarni kengaytirish hamda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. VEON aksiyalari NASDAQ fond birjasida muomalada. Qo‘shimcha ma’lumot uchun: https://www.veon.com
Sayt: beeline.uz
Facebook: @beeline.uz
Instagram: @beeline_uzbekistan
Telegram:@beelineuzbekistan
X: @beeline_uz
LinkedIn: @beeline-uzbekistan