Izlagan – imkon topar, harakat qilgan – maqsadga yetar, deyishadi. Bu hayotiy haqiqat Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Ishonch mahallasida yashovchi tadbirkor Muxtorjon Madaminov faoliyatida yaqqol aks etgan.
Qahramonimiz 7 yil avval bedana parvarishi bilan shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda nafaqat o‘z oilasi farovonligini ta’minlab kelmoqda, balki mahalliy bozorlarimizning to‘kin-sochinligiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Ayni paytda u kishi 5 mingdan ortiq bedanani parvarishlamoqda.

– Bedanani parvarishlash unchalik qiyin emas,– deydi Muxtorjon aka. – Bitta bedana kunda 25 gramm, 5000 ta bedana esa taxminan 125 kilogramm ozuqa yeydi. Ularni to‘g‘ri ovqatlantirish va sanitariya talablariga amal qilish juda muhim.

Bedanalar 40-45 kunlik bo‘lganida tuxum qo‘ya boshlaydi. Ularning tuxumi nafaqat ta’mli, balki shifobaxsh xususiyatlari bilan ham qadrlanadi.
– Boshida 100 ta bedana bilan ish boshlaganman, hozir esa bedanalar soni soni 5000 taga yetdi, – deydi u faxr bilan.

Uning ta’kidlashicha, bedanalar uchun qulay muhit yaratish, harorat va yorug‘likni nazorat qilish katta ahamiyatga ega. “E’tibor bilan qarasangiz, bedana ham daromad, ham shifo beradi,” deya xulosa qiladi u.

Eng muhimi, bedana parvarishi katta sarmoya yoki og‘ir mehnat talab etmaydi. Ular tez o‘sadi, 40-45 kun ichida tuxumga kiradi, polaponlarning taxminan 95 foizi yashab ketadi. Yetarli ozuqa va parvarish bo‘lsa, natija kutilganidan ham yaxshi bo‘ladi.
Ayni paytda Muxtorjon akaning 1 700 bosh bedanasi tuxum beradi. Ular kunda 1 200-1 300 dona tuxum qo‘yadi. Bu esa yil davomida 25 million so‘mdan ortiq sof daromad olish imkonini yaratadi.
– Avval ikkilangandim. Lekin harakat qildim va natija-chi, yomon emas. Eng muhimi, ishni mehr-muhabbat bilan qilish kerak, – deydi u o‘z tajribasidan kelib chiqib.
Bedana mahsulotlariga talabning ortishi, albatta, uning shifobaxshlik xususiyatlari bilan bog‘liq. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filiali bosh shifokori Sharof Soatmurodov bunga quyidagicha izoh beradi:
– Bedananing go‘shti parhezbop, hazm qilish oson. U jigar va me’da muammolari bor bemorlar uchun tavsiya etiladi. Shuningdek, tuxumi V, A, D vitaminlari, temir va fosforga boy. U immunitetni mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilaydi, stressni kamaytiradi va miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Muxtasar aytganda, bedanachilik – bugungi kunda tadbirkorlikning istiqbolli, kamxarajat va yaxshi samara beradigan yo‘nalishlaridan biri. U nafaqat oilaviy daromad manbai, balki mamlakatda kichik biznesni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri