Bedana: tuxumi ham, go‘shti ham koni foyda
– Bedanachilik kamxarajat, biroq serdaromad soha ekanini bugun ko‘pchilik anglab yetmoqda, – deydi O‘zbekiston “Parrandasanoat” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hakimjon Normuhamedov.
Dugonam Saida bilan bozorda uchrashib qoldik. O‘g‘li kollejni bitirib, o‘z biznesini boshlagani, bedana parvarishlab, bozorga shifobaxsh tuxumlar yetkazib berayotgani haqida so‘zladi.– Bedanachilik kamxarajat, biroq serdaromad soha ekanini bugun ko‘pchilik anglab yetmoqda, – deydi O‘zbekiston “Parrandasanoat” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hakimjon Normuhamedov. – Bu borada aniq hisob-kitoblar ham kilinmoqda. Qisqa fursatda mahsulot beradigan bitta bedananing kunlik ozuqa miqdori 26 gramm omixta yemdan oshmaydi. Masalan, bir kilogramm qo‘y go‘shti yetishtirish uchun o‘rtacha 25 kilogramm, mol go‘shti uchun esa 26-28 kilogramm ozuqa sarflanadi. Bedana 200 gramm semirishi uchun bir kilogramm ozuqa yetarli bo‘ladi. Kamchiqim bu parrandaning tuxum berish davri tugasa, go‘shti ham yaxshigina daromad keltiradi.
Bedananing tuxum, go‘sht (bedana-broyler) yo‘nalishidagi hamda jangari, dekorativ, rangdor zotlari bor. Uning “yapon” zoti ancha sermahsul bo‘lib, yiliga o‘rtacha 300 dona tuxum beradi. Bedana tuxumi tovuq tuxumiga nisbatan A, PP, B1, B2 vitaminlari va mineral moddalar tarkibi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev chiqishlarida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari va xususiy mulkni izchil rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni alohida ta’kidlamoqda. Natijada yurtimizda barcha soha, jumladan, – bedanachilik ham rivojlanmoqda.
– Keyingi vaqtlarda dunyo mamlakatlari lug‘atida organik mahsulot iborasi paydo bo‘ldi, – deydi H.Normuhamedov. –Ma’lumki, organik qishloq xo‘jaligi – atrof-muhitga zarar keltiradigan kimyoviy vositalardan foydalanmasdan biologik xilma-xillikni asraydigan ekologik bosqichlarga asoslanib, ekologik toza mahsulot yetishtirish va insonlar salomatligini muhofaza qiladigan ishlab chiqarish tizimi hisoblanadi. Bedanachilik aynan ana shu talablarga to‘liq javob beradigan tarmoq bo‘lib, unda antibiotiklardan, o‘stiruvchi sun’iy moddalardan, ozuqa qo‘shimchalaridan foydalanilmaydi. Misol uchun, bedananing tana harorati 42, oshqozon harorati 46-48 darajada bo‘lgani uchun uncha-muncha infeksiya unga yaqin yo‘lamaydi. Shu bois ularni parvarishlashda hech qanday antibiotikka ehtiyoj yo‘q.
Dunyo mamlakatlarida, xususan, Germaniyada organik-ekologik toza mahsulot yetishtirish va unga bo‘lgan yillik talabning o‘sishi 5-15 foiz, Daniya, Shvetsiya va Shveytsariyada 30-40 foizga yetgani ekologik toza mahsulotlarga e’tibor ortganini ko‘rsatmoqda. Sof va tabiiy hisoblanadigan bedana tuxumlari Yaponiyada ham mashhur bo‘lib, u parhez taom sifatida qadrlanadi. Jahon bozorida bunday mahsulotga talabning ortib borayotgani yurtimiz fermeru tadbirkorlari uchun yangi eksport imkoniyatlarini ochishi shubhasiz.
– Bedana o‘zi kichik qush bo‘lsa-da, iqtisodiy samaradorligi juda yuqori, – deydi Zangiota tumanidagi bedanachilik oilaviy korxonasi rahbari Ravshan To‘xtayev. – Masalan, inkubatorga qo‘yilgan tuxum 17 kunda ochib chiqadi. Bedana jo‘jalari talab darajasida parvarishlansa, eng kamida 90 foizi voyaga yetadi. Boshqa parrandalardan farqli o‘laroq, bedana 40-50 kunda tuxum bera boshlaydi. Bedananing turlari juda ko‘p bo‘lib, “faraon” zoti yuqori sifatli go‘sht bilan, “Estoniya” zoti ko‘p tuxum berishi hamda go‘shtining alohida o‘ziga xos ta’mi bilan ajralib turadi. “Britaniya qora” zoti o‘ziga xos patlar rangiga ega bo‘lib, tirik vaznining og‘irligi 210 grammni tashkil etadi. Bundan tashqari, “Amerika albinos" broylerlari, “Angliya oq” zoti, “Manchjur tilla rangi”, “smoking”, “marmar rang”, “Avstraliya sariq-jigar rang” zotlari ham mavjud.
Qadimgi Sharq tabobatida ham bedana go‘shti va tuxumi tabiiy dori-darmon sifatida kadrlangan. Xususan, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, kamqonlik, migren, bronxial astma, asab tizimidagi buzilishlar, qon bosimining oshishi, qandli diabet, astma singari ko‘plab kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Nurlanish kasalligida bedana tuxumi radionuklidlarni organizmdan chiqarish xususiyatiga ega. Kosmetologlar uning tarkibidagi tramizinni yuz rangini tiniqlashtirishda qo‘llashadi. Yaponiyada bedana tuxumi aholi o‘rtasida eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlar sirasiga kiradi.