Bebaho durdonalarimizni o‘rganish ham ma’naviyatdir
Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan ko‘rsatma va topshiriqlar o‘z xalqi, uning o‘tmishi va kelajagi uchun befarq bo‘lmagan har bir odamda katta qiziqish va hayajon uyg‘otdi.
Ochig‘ini tan olish kerak bu boradagi ishlarning susayib qolganligi ko‘pchilikda, ayniqsa, ziyolilarda o‘rinli tashvishga sabab bo‘layotgan edi. Davlatimiz rahbari nafaqat sohadagi muammolarni ko‘rsatdi, balki ularning aniq, ravshan yechimlarini belgilab ham berdi.
Prezidentimizning ma’naviy tarbiyani maktabgacha yosh bosqichidan boshlash kerak, degan so‘zlari, ayniqsa, psixologlarning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Chunki mavjud psixologik qonuniyatga ko‘ra, shaxsning xulqi 5-6 yoshgacha to‘la shakllanib bo‘ladi va keyinchalik xarakter xususiyati sifatida deyarli o‘zgarishga uchramaydi. Aynan shu qoida buyuk ajdodimiz Ibn Sino tomonidan ham ta’kidlangan. Bizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida samarali ma’naviy tarbiyani amalga oshirishning kuchli vositasi bo‘lgan ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishiga ishonchni, mehr-oqibatni singdiradigan milliy ertaklarimiz va odob-axloq qoidalari, xulq usullarini o‘rgatadigan milliy o‘yinlarimiz bor, bu imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz zarur.
Qo‘qon davlat pedagogika institutida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga hozirdan kirishildi. Atrof tumanlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktiriladigan professor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantirilmoqda, institut ma’naviyat-ma’rifat kengashining, fakultetlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilmoqda.
Qo‘qon azal-azaldan olimu-fuzalolar, shoirlar va san’atkorlar maskani bo‘lgan, tarixan ulkan hududning ma’naviy-ma’rifiy markazi hisoblangan. Hech qayerga nisbat berilmagan adabiy muhit atamasi faqat Qo‘qon adabiy muhitiga nisbatan qo‘llaniladi. Hozirda ushbu adabiy muhitga taalluqli 300 dan ziyod shoirlar nomi ma’lum. Institutimiz tilshunos va adabiyotshunos olimlari tomonidan hozir 100 nafar Qo‘qon adabiy muhiti vakillarining tarjimai holi hamda asarlaridan namunalarni o‘z ichiga olgan “Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi” tayyorlanayapti – bu bizning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan kamtarona hissamiz bo‘ladi. Shu bilan birga, ingliz va rus tillariga tarjima qilinib nashrga tayyorlanayotgan “Hunarmandchilik izohli lug‘ati” o‘zbek atamalarining chet tillariga kirib borishiga, ma’naviyatimiz durdonalaridan boshqa xalqlarning ham bahramand bo‘lishlariga imkon yaratadi, degan umiddamiz.
Institutimiz professor-o‘qituvchilari tashkil etilishi rejalashtirilgan Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faoliyatida ishtirok etib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot metodologiyasi va texnologiyasini ishlab chiqishda yaqindan ko‘mak berishga tayyor. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviy olamini yuksaltirish kabilar kunlik ish tartibimizdan o‘rin oladi. Biz ziyolilar yig‘ilishda qo‘yilgan vazifalarni yuksak darajada ta’minlash choralarini ko‘rib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Ma’murjon Otajonov,
Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori.
O‘zA