Ba’zi davlatlar konstitutsiyasining o‘ziga xos jihatlari
Konstitutsiya davlatchilikning asosiy belgisi bo‘lib, hukumatning muhim, yagona qonun hujjati hisoblanadi. Uning asosida jamiyatdagi barcha siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy masala va muammolar tartibga solinadi.
Dunyo mamlakatlarining geografik joylashuvi, xalqlarning irqi, dini, tarixi va kelib chiqishi turlicha bo‘lgani kabi har bir davlatning qonunchiligi ham bir biridan farqlanadi.
Quyida ba’zi mamlakatlarning konstitutsiyalari haqida so‘z yuritamiz.
AQSH konstitutsiyasi hajmi hihatidan dunyodagi eng kichik va o‘zgarmas asosiy qonun hisoblanadi. Hujjat muqaddima va 7 ta moddadan iborat. Favqulodda qonunchilikka biror bir o‘zgartirish kiritish kerak bo‘lgan vaqtda hujjatning asosiy matniga hech qanday o‘zgartirish kiritilmaydi, balki ma’lum matn oxiriga alohida ilova sifatida qo‘shimcha kiritiladi. Hujjatga bor yo‘g‘i 27 ta tuzatish kiritilgan. Duyodagi eng yetakchi demokratik davlat hisoblangan AQSH konstitutsiyasida “demoratiya” so‘zi umuman uchramaydi.

Hajmi eng yirik bo‘lgan konstitutsiya esa Hindiston bosh qomusidir. Hujjat 395 ta modda, 12 ta ilova va 500 dan ortiq tuzatishlardan iborat. Shunisi ajablanarliki, hujjatning matn “til”ini murakkabligi tufayli hatto mahalliy xalq ham ba’zi qonunlarni to‘liq tushunishga qiynaladi.
Malta va Yaponiya davlat qomuslari dunyodagi eng tinchlikparvr konstitutsiyalar, deb e’tirof etilgan. Xususan, Yevropadagi orol davlat – Malta xalqaro hamjamiyatda o‘zini neytral davlat deb e’lon qilgan. Bu esa davlat hujjatida qayd etilgan. Yaponiya konstitutsiyasida esa urushda ishtirok etmaslikka oid bandlar bor. Ushbu bandlar aynan Ikkinchi jahon urushida Yaponiyaning mag‘lubiyati ta’sirida qonun hujjatiga kiritilgan.
Ekvador davlat konstitutsiyasi “yashil” deb ham ataladi. Hujjatda inson huquq va manfaatlari bilan birgan atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan moddalar asosiy qismni tashkil etadi. Mamlakatning noyob flora va fauna olami shunday qonun normalarini shakllantirilishiga asos bo‘lgan. Ekvador tabiat muhofazasini qonuniy mastahkamlagan dunyodagi birinchi davlat hisoblanadi.
Hukumat vakillarining qancha daromad olishi har qaday jamiyatda barcha uchun qiziq bo‘lgan. Boshqa davlatlar konstitutsiyasida uchramaydigan jihat sifatida Avstraliya general gubernatorining davlatdan oladigan maosh miqdori mamlakatning asosiy qonunida yozilgan. Avstraliya konstitutsiyasi mamlakat mustamlakalik davrida, ya’ni 1900 yilda Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilingan. Bir asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan hujjat hozirgacha o‘z kuchini yo‘qotmagan. bugungi kunda hujjatga o‘zgartirish kiritish ta’qiqlangan.

Alohida qayd etish kerakki, zamonamizda konstitutsiyaси mavjud bo‘lmagan davlatlarning borligi barchani ajablantirsa kerak. Buyuk Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, San-Marino, Isroil, Liviya davlatlarning konstitutsiyasi kodifikatsiya qilinmagan bo‘lib, hukumat boshqaruvi yagona qonun hujjati bilan emas, balki, ma’lum bir hujjatlari jamlanmasiga asoslanadi. Mazkur hujjatlardan birontasiga o‘zgartirish kiritilishi konstitutsiyaga o‘zgaritirish kiritish sifatida qabul qilinadi.
Misol uchun, Buyuk Britaniya konstitutsiyasi mamlakatdagi huquqqiy masalalarni tartibga soluvchi 300 ga yaqin qonun hujjatlaridan iborat. Kanadaning asosiy qonuniga esa 1982 yildagi Kanada Akti asos bo‘lib, bundan tashqari hujjat mamlakatdagi eng muhim qonunlarni o‘z ichiga oladi.
San-Marino davlatining asosiy qonuni kodifikatsiya qilinmagan konstitutsiyalaridan biri hisoblanadi. 1600 yilda qabul qilingan San-Marino respublikasining qonunchilik maqomi mamlakat asosiy qonunning muhim manbasi bo‘lganligi uchun hujjat dunyoning eng qadimiy konstitutsiyasi hisoblanadi. Shuningdek, Fuqarolar huquqlari deklaratsiyasi va San-Marino davlat tuzilishining asosiy tamoyillari ushbu tarixiy hujjatning tarkibini tashkil etadi.
Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya kabi dunyoning rivojlangan davlatlarida yagona asosiy qonun bo‘lmasa-da, eng kichik davlat Vatikanda davlat boshqaruvi konstitutsiyaga asoslanadi. Aksariyat konstitutsiyalar mazkur qonunlar mamlakatda yashayotgan barcha fuqaro uchun majburiy ekanligi, ularni bajarilishi davlat nazoratida ekanligini eslatish bilan boshlansa, Vatikan konsitutsiyasi “ ... davlat qonuni sifatida quyidagi qonun normalariga bo‘y sunushga buyuramiz” degan so‘zlar bilan boshlanadi. Bu jumlalar o‘z navbatida eng kichik davlat Vatikanning hukumat boshqaruvi o‘ziga xos qa’tiy me’yorlarga asoslanganligini ko‘rsatadi.
Afrika davlatlari konstitutsiyasi eng yangi davlat qomusi hisoblanadi. Qit’adagi 19 davlatning asosiy qonun hujjati 2000 yillardan so‘ng qabul qilingan.
Mamlakatimiz mustaqilligining asosiy tamal toshi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabr kuni qabul qilingan. Bosh qomusimiz 6 bo‘lim, 26 bob, 128 modda va Muqaddima (kirish) qismidan iborat. Ҳозирги kunga qadar hujjatga 14 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bosh qomusimiz qo‘shni davlatlar orasida eng birinchi qabul qilingan konstitutsiya hisoblanadi.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA