Bazalt tufayli binolar ko‘rkamlashmoqda, xavfsizligi oshmoqda
Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi mahallalarda aholi turar joylari va ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari belgilangan jadval asosida muntazam amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumandagi Uzun mahallasida mavsumga tayyorgarlik ishlari nafaqat maktabgacha ta’lim muassasalari va ijtimoiy ob’ektlar, balki butun mahalla aholisi uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy muhit yaratishga qaratilgan.

Xususan, mahalladagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida bazalt qoplamasi yordamda obodonlashtirish ishlari boshlangan. Bunday qoplamalar yomg‘irli va sovuq kunlarda ham bolalarning xavfsiz harakatlanishiga yordam beradi. Chidamli, sirpanmas va estetik ko‘rinishga ega bazalt materiali hududga zamonaviylik bag‘ishlab, bog‘chaning umumiy muhitini yanada shinam va go‘zal qiladi. Ayni paytda ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va yaqin kunlarda muassasa atrofi to‘liq yangilanishi rejalashtirilgan.


Shu bilan birga, Uzun mahallasining umumiy qiyofasi ham tubdan yangilanmoqda. Ko‘p qavatli turar-joy binolarining tashqi qismlariga bazalt qoplamalari o‘rnatildi. Bu nafaqat binolarning bardoshliligini oshiradi, balki yozda issiqdan, qishda sovuqdan himoya qilib, ularga go‘zallik va zamonaviylik bag‘ishlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘z muxbiri