Davlatchilik tarixida davlat ramzlari hamisha aziz va muqaddas timsol sifatida e’zozlangan.
Bayroq – insoniyat tarixini o‘zida aks ettiruvchi ramzlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Bayroqlar tarixiga nazar tashlar ekanmiz, manbalarda u eramizdan avvalgi 3-2 ming yillikda paydo bo‘lganligi qayd etiladi. Aslida bayroqlar qabilalarni o‘zaro bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida yuzaga kelgan bo‘lsa, keyinchalik hukmdor va lashkarboshilarning hukmronligini anglatadigan ramzga aylangan. Buyuk o‘tmish shonli tarixga ega xalqimizning davlat barpo etish g‘oyasi, umuminsoniy qadriyatlapga sodiqligi, eng avvalo, davlat ramzlarida aks etgan. O‘z ramziga ega bo‘lgan davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi.
Vatandoshlarimiz uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – davlat gerbi, bayrog‘i, madhiyasi doimo azizdir. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solar ekanmiz, bayrog‘imiz baland-balandlarda hilpiraganda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhiy quvvatni, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini his etamiz.
Jahon maydonlarida yurtdoshlarimiz ulkan g‘alabalarga erishganda bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘targanda, davlat gerbini esa o‘pib, peshonamizga surtganda, davlatimiz madhiyasi yangraganda beixtiyor qalblarimiz junbushga kelib, ko‘zlarimizda sevinch yoshlari qalqiydi. Albatta, jasur Vatan o‘g‘lonlari yuksak g‘alabalar nashidasini nishonlashda davlat ramzlariga faxr bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qiladilar. Biz uchun bayroq ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzidir. Davlatimiz bayrog‘ini beixtiyor Vatan suratlariga qiyoslasak bo‘ladi. O‘zbekiston quyoshli o‘lka, buyuk tarix, ma’naviyat va madaniyat yaratgan diyordir.
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar haqida so‘z ketganda jahon hamjamiyati “Yangi O‘zbekiston” degan iborani tilga olmoqda. Bu yurtimizdagi o‘zgarishlarga berilgan munosib bahodir. Ayniqsa, mamlakatimizdagi mana shunday ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugun Yangi O‘zbekistonni porlayotgan quyoshga qiyoslasak, undan taralayotgan ilmu ziyo nuri ko‘hna zaminga merosdir. Davlatimiz bayrog‘i xalqimizning irodasini toblab, elni ezgulik, ulug‘ va buyuk maqsadlar sari birlashtirib xalqimizga ruhiy quvvat beradi. Milliy bayrog‘imiz juda chiroyli unda ulug‘vorlik, ezgulik, tariximiz aks etadi.
Jaloliddin Manguberdi qo‘lida baland ko‘tarilgan bayroq tarix sahifalarini bezaydi, Najmiddin Kubro mahkam ushlagan yashil matoda ulug‘ vatanparvarlik mujassam, Amir Temur zakovati va sarkardalik mahorati uyg‘unlashgan bayroqda xalq tinchligi va yurt osoyishtaligi o‘z aksini topgan. Shu bois, davlat ramzi sifatida bayroq yorug‘ istiqbolni mujda qilayotgandek zalvorli hilpiraydi.
Mardlik va yuksaklik martabasini o‘zini aks etuvchi bayroq tomirlarda oqayotgan qonni junbushga keltiradi. Mamlakat va xalq irodasini aks etuvchi davlat bayrog‘ini mamlakat markazlarga o‘rnatish har bir fuqaro qalbini g‘ururga to‘ldiradi. Ayniqsa, Vatan ozodligi yo‘lida mo‘g‘ul zulmiga qarshi mardonavor kurashgan Shayx Najmiddin Kubroning vatanparvarlik jasorati ila ozodlik uchun “Yo vatan yo sharofatli o‘lim” deya so‘zlagan otashin nutqi qalblarni larzaga keltiradi. Shonli tariximizning zalvorli sahifalarida hamon Shayx Najmiddin Kubroning buyuk qahramonligi tillarda doston bo‘lib, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi.
U o‘zining yuksak jasorati tufayli yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamay jonidan ortiq asragan. To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun vatandoshlarimizga katta ibratdir. Davlatimiz bayrog‘idagi oq, moviy, qizil ranglar, yulduz va oy tasvirlari o‘ziga xos tarzda mazmun va mohiyatni ifodalaydi. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalklarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir. Davlatimiz bayrog‘idagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim. Ajdodlarimiz hamisha yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asragan.
Buyuk sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanat dovrug‘i dunyoda doston bo‘ldi. Bu davr davlatchiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Temur saltanatida bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turgan.
Temur saltanatida bayroq eng ishonchli jasur jangchilar tomonidan qo‘riqlandi. Amir Temur zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga Amir Temur alohida e’tibor qaratgan. Bayroqning pasaytirilishi mag‘lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo‘lgan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan.
Dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida bayrog‘imiz O‘zbekiston ramzi bo‘lib turibdi. Xorijda bo‘lganimizda hilpirab turgan bayrog‘imizga ko‘zimiz tushar ekan, yuragimizda cheksiz faxr uyg‘onib, ruhimiz ko‘tariladi. Bayrog‘imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O‘zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his etamiz.
Odatda, davlat bayrog‘ini yurtning jasur, bahodir o‘g‘lonlariga ishonib taqdim etilgan. Albatta, mana shunday shirin lahzalar har bir Vatandoshimizda yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin namunasi namoyon etadi. Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo‘lib unda xalq tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini namoyon etadi. Xulosa qilib aytganda, davlatimiz bayrog‘i xalqimiz or-nomusini uyg‘otuvchi beqiyos timsol sifatida ozodlik, vatanni sevishga da’vat etib, milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mansur MUSAEV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i,
siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori.