O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Vobkent tumani bo‘limida ma’rifat o‘quvi bo‘lib o‘tdi.
«Bayrog‘imiz–faxrimiz, g‘ururimiz!» mavzusida o‘tkazilgan mazkur o‘quv soatida, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda shuningdek, bayrog‘imizda o‘zbek xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrat va shijoati mujassam ekani haqida so‘z yuritildi.
Chindan, milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi odamda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Shuningdek, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini ifodalab beradi.

Davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi.
Tug‘ini jonidan ortiq asragan shu kabi ajdodlarimiz hayoti bugungi avlodlarga katta ibrat. Aslida, vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish - vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish demak. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik.
Yusuf NASRULLAEV
Vobkent tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Nodir RUSTAMOV
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi rahbari