Bayrog‘imiz hamisha hilpirab tursin
Xalqaro, siyosiy tadbirlar yoki sport musobaqalari bo‘ladimi mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarilganda qalbimizda ko‘tarinki ruh hukmronlik qiladi. Faxr, g‘urur tuyamiz.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olmaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.


18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Qarshi shahrining markaziy qismi hisoblangan “Mustaqillik” ko‘chasi bo‘ylab tantanali marsh yurishi bo‘lib o‘tdi.



Shundan so‘ng viloyat musiqali drama teatri oldida “Millat bayrog‘i” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, unda ishtirok etgan vatan posbonlari, talaba-yoshlar va vohamiz ahli o‘zlarining davlatimiz ramziga bo‘lgan hurmatini namoyish etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri