Bayrog‘imiz – faxrimiz va iftixorimizdir!
Navoiy shahrida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida “Bayroq estafetasi” tadbiri tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlangan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligini namoyon etadi. Lekin dunyoda birorta ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga davlat bayrog‘idek tanita olmaydi.

Bayroq – millatni, xalqni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi oliy mash’aladir. U qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan.
Tadbir avvalida “Farhod” madaniyat saroyi oldida buxorolik estafetachilardan qabul qilib olingan bayroq qiziltepaliklar nomidan Navoiy shahriga topshirildi. Uni shahar hokimi Dilmurod Ergashev qabul qildi.


Tadbirda ishtirok etgan harbiylar, turli soha vakillari, nuroniylar va yoshlar harbiy orkestr hamda avtokarvon hamrohligida bayrog‘imizni hilpiratgan holda Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab harakatlandi.
– Davlat ramzlari hamisha ulug‘ va muqaddas sanaladi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Rustam Hayitov. – Buyuk bobomiz Amir Temur ham davlat ramzlariga jiddiy e’tibor qaratganini jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham, Vatani bayrog‘ini baland tutishi kerakligi to‘g‘risida farmon berganidan bilsa bo‘ladi. Ayni damda Vatan bayrog‘i deganda, ko‘z oldimizda butun bir mamlakatning timsoli, jahonning siyosiy-ijtimoiy xaritasidagi qiyofasi gavdalanadi. Bugungi kunda ham dunyo mamlakatlaridagi ko‘plab elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida bayrog‘imiz hilpirab turibdi. Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizning yutuqlari esa albatta qalbimizni vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi.


“Bayroq estafetasi” tadbirlari Nurota tumani markazida joylashgan Chashma majmuasida davom etdi.
Ertaga navoiylik estafetachilar davlatimiz bayrog‘ini jizzaxliklarga tantanali ravishda topshiradi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA