Bayramni yangi uylarda nishonlashadi (+video)
Buxoroda mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Davlat xavfsizlik xizmati idoralari xodimlariga yangi uylar topshirildi.
Unda viloyatdagi sektor rahbarlari, hokimlik mutasaddilari, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda DXX xizmatchilari sharafli va mas’uliyatli vazifa – muqaddas yurtimiz sarhadlari daxlsizligi hamda xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida fidoyilik va jasorat namunalarini namoyish qilayotgani ta’kidlandi.
Buxoro shahridagi “Varaxsha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan uylar “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ buyurtmachiligi ostida bunyod etildi. Uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida qurilgan uylarning umumiy qiymati 12 milliard so‘mdan ziyod bo‘lib, 2 ta 5 qavatli, jami 60 ta xonadondan iborat.
Mazkur zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar “Inter mega konstrakshen” MCHJ va “Navro‘z Akmal stroy invest” ITQ MCHJlarning qo‘li gul quruvchilari tomonidan qurib foydalanishga topshirildi.
Marosimda xonadon egalariga uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
– Albatta, juda xursandmiz, – deydi DXX xizmatchisi kapitan Elbek Hamidov. – Ipoteka krediti asosida arzonlashtirilgan uyimizda oshxona, bolalar xonasi va mehmonxonagacha zarur mebel, gaz komforkasi va boshqa inventarlar bilan jihozlangan. – Bunday g‘amxo‘rlik va qulaylik uchun davlatimizga, Prezidentimizga katta rahmat.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
[gallery-3605]
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA