Yangi yil bayrami munosabati bilan mamlakatimizda ish haftasi 5 kundan iborat xodimlar olti kun, 6 kun ishlaydiganlar ketma-ket besh kun dam oladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrda imzolangan “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi qarori buning uchun huquqiy asosdir.
Yurtimizda kirib kelayotgan 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan bayram arafasida BMT Atrof-muhit dasturi (YUNEP) mutaxassislarining tegishli xulosa va tavsiyalariga e’tibor qaratish joiz, deb o‘ylaymiz.
Dunyoning ko‘p hududlarida ayyom bahona “shopping”, ya’ni do‘konma-do‘kon yurib ul-bul xarid qilish urfga aylangan. Axir, uyda to‘kin dasturxon yasatib, yaqinlarga sovg‘a-salom ulashib, bayramni xush kayfiyat bilan o‘tkazganga nima yetsin?!
Aslida ekologiya madaniyatiga xilof bunday iste’mol tufayli ona sayyoramizni uch karra bo‘hron domiga tashlayotganimizni bilamizmi? Bunday ortiqcha xarajat-u harakat natijasida har qaysimiz birinchidan, iqlim o‘zgarishiga, ikkinchidan, tabiat va biologiya xilma-xilligi barham topishiga, uchinchidan, atrof-muhit ifloslanishi hamda chiqindi ortishiga sababchi bo‘lamiz.
Ayni yo‘nalishdagi tadqiqot ko‘rsatishicha, insonning baxtiyorligi ko‘p narsa xarid qilishiga mutlaqo bog‘liq emas ekan. Bunday paytda behuda sarf-xarajat va isrofgarchilik ortadi, xolos.
BMT dasturi ma’lumotiga qaraganda, hozir bug‘lanayotgan zararli gazning uchdan ikki qismi xonadonlar va uy-joy xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi fikricha, agar insoniyat nomaqbul hayot tarzini o‘zgartirsa, 2050 yil sayyoramiz haroratini ko‘tarayotgan bunday moddalar hajmini 70 foiz kamaytirish imkoni tug‘iladi.
Bayramni ortiqcha sarfga yo‘l qo‘ymay ham shod-xurram nishonlash mumkin. Shu o‘rinda bayram kunlari ona tabiat kushandasiga aylanishning oldini oladigan ba’zi tavsiyalarni keltiramiz.
Birinchi tavsiya – bayram sovg‘asini o‘zingiz tayyorlang. Masalan, do‘kondan tort yoki pishiriq xarid qilish o‘rniga o‘zingiz pechene yo boshqa xil shirinlik pishiring. Hech bo‘lmasa, sovg‘a sifatida ekologik toza mahsulot xarid qiling: tabiat va atrof-muhit tozaligi uchun qayg‘uradigan kompaniyalar faoliyatini rag‘batlantirgan bo‘lasiz.
Ikkinchi tavsiya – ekologiya modasi nuqtai nazaridan urf bo‘lgan liboslarni tanlang. Hozir odamlar 15 yil oldingiga nisbatan 60 foiz ko‘p kiyim-kechak olyapti, materiallar yaroqlilik muddati esa aksincha, ikki barobar qisqargan.
Ayni omillar sayyoramizga jiddiy zarar yetkazmoqda. Negaki, moda sanoati iste’mol borasida suvdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Global miqyosda havoni bulg‘ayotgan gazning 2-8 foizi ayni shu tarmoq “hissasi”ga to‘g‘ri keladi.
Uchinchi tavsiya – yashab turgan joyingizda ishlab chiqarilgan mahsulotni sotib oling, o‘z hududingiz bo‘ylab sayohat qiling yoki dam oling. Zero, mahalliy tovarlar, shu zaminda yetishtirilgan mahsulotlarni iste’mol qilish alohida ahamiyatga ega.
Bunday xarid va iste’mol bir tomondan mablag‘ingizni tejasa, boshqa tomondan mahalliy tadbirkorlar faoliyatiga rag‘bat beradi. Qolaversa, tovarni olisdan tashib kelish ehtiyoji kamayadi. Natijada yuk transporti yonilg‘i sarfi tejaladi va o‘z navbatida, havoga zararli gaz chiqishi cheklanadi.
To‘rtinchi tavsiya – ishlatilgan buyum xarid qiling. Gap shundaki, bayram va ta’til mavsumida aksariyat savdogarlar arzonlashtirilgan sotuvni yo‘lga qo‘yadi. Siz esa arzon narx-navoga chalg‘imasdan, aksincha, avval ishlatilgan bo‘lsa ham noyob va bejirim, yuqori sifatli va chidamli buyum tanlashga intiling. Toki pul sarflangan buyum tez eskirmasin, chiqindiga tashlab yuboradigan ahvolga kelmasin, balki uzoq muddat chidasin va ko‘rkamligini saqlab tursin.
Beshinchi tavsiya – bir marta ishlatiladigan buyumlarni ko‘p martalisi bilan almashtiring. Bugun har daqiqada taxminan bir yuk mashinasicha yelim idish dunyo okeanini iflos qilmoqda. Bu chiqindining teng yarmini bir marta ishlatilgach, tashlab yuboriladigan jism tashkil etadi.
Bayram kunlari atrof-muhitga ziyon yetkazadigan turli mahsulotlardan odatiy kundagiga nisbatan uch barobar ko‘p foydalanar ekanmiz. Bu o‘rinda gap millionlab dona yelim idish, yelim qoshiq va naycha, millionlab zar varaqli qadoqlash qog‘ozi va qutichalar haqida ketyapti.
Plastik chiqindi ekologiya tizimining iqlim o‘zgarishiga moslashish layoqatini susaytiradi. Oqibat – millionlab insonlar hayoti va farovonligi uchun zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetishtirish jarayoni oqsaydi.
Har yili ishlatiladigan besh trillion dona yelim xaltachaning salmoqli qismi okeanga tushyapti. Bu achchiq haqiqatni unutmang va imkon qadar tezroq yelim paketdan voz kechib, qog‘oz yoki matodan tikilgan xaltachaga o‘ting.
Yana bir muhim holat: bayram sovg‘asi qutisi yoki o‘ramini chiqindiga tashlab yuborarkansiz, dunyo bo‘ylab yiliga qariyb 11,2 milliard tonna shunday qattiq chiqindi to‘planishini ko‘z oldingizga keltiring. Zamonaviy iqtisodiyot va ilg‘or texnologiya davrida ayni hajm ortgandan-ortib, tarkibi ham tobora murakkablashib bormoqda. Tabiiyki, bu omillar ham ekotizim sofligi va inson sog‘ligiga jiddiy xavf soladi.
Oltinchi tavsiya – oziq-ovqatni chiqindiga tashlashni kamaytiring. Bayram dasturxoni uchun turli xil mahsulot xarid qilish asnosida faqat eng keragini olish bilan kifoyalanish lozim.
Har yili yer yuzidagi ozuqaning uchdan biri chiqindiga chiqyapti. Taxminan 1,3 milliard tonnalik bu miqdor biologiya xilma-xilligini yo‘qotyapti, tabiatni ifloslantiryapti, iqlimni o‘zgartiryapti.
Xonadonda chiqindi ko‘paymasligi uchun qoldiq taomni ozoda o‘ramga solib qo‘ying va qayta foydalaning. Masalan, qotgan nondan non qoqi (suxari), talqon tayyorlang. Bunday tejamkorlik bir tomondan ro‘zg‘orga baraka olib kiradi, ikkinchi tomondan bug‘lanib, havoga ko‘tariladigan zararli gaz miqdori kamayishini ta’minlaydi.
Yettinchi tavsiya – dasturxonni imkon qadar ko‘kat va rezavor taom bilan to‘ldiring. Bayram kunlari sabzavot va ko‘katli parhez saqlash insonning ham salomatligi, ham hamyoni uchun foyda. Dunyo madaniyatida bir necha usuli mavjud bo‘lgan rezavor parhez nafaqat foydali va to‘yimli, balki beziyon.
Go‘sht yetishtirish iqlim o‘zgarishiga eng ko‘p ulush qo‘shayotgan soha hisoblanadi. Bugungi kunda havoga ko‘tarilayotgan metan gazining 32 foizi chorva moli go‘ngi va axlatidan ajralib chiqmoqda. Bir kishi kuniga o‘rtacha 100 gramm go‘sht yeyishi hisobga olinsa, dasturxonni ko‘kat va rezavor taom bilan bezash ham inson sog‘ligi, ham sayyoramiz havosi musaffoligi uchun ulkan ahamiyat kasb etishi o‘z-o‘zidan ayonlashadi.
BMT Atrof-muhit dasturi (YUNEP) mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ushbu tavsiyalarga amal qilinishi Parij bitimida belgilangan maqsadga erishish, ya’ni global harorat qizib ketishi darajasini 2°C dan quyida ushlab turishga xizmat qiladi.
Umuman, insoniyat tasarrufidagi mavjud zaxiradan unumli va tejamkor foydalanish nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki yangi ish joylari ochish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari xizmatidan foydalanish hamda xavfsiz va munosib hayot darajasiga erishishda barcha uchun teng imkoniyat yaratadi.
Xullas bayram har doim bayramga o‘xshasin. Xushnud kunlarimiz ko‘paysin. Ayni chog‘ hech kimga va hech narsaga ziyon-zahmatimiz tegmasin. Yaxshi niyat, ezgu so‘z va savob amal birligi aynan shunda namoyon bo‘ladi.
G‘ulom MIRZO, O‘zA