Barchaga ma’lum, Yangi yil bayrami munosabati bilan viloyatlarga yo‘lovchilar oqimi keskin ortadi. Har yili Yangi yil bayrami arafasida viloyatga qatnovchi avtobuslar yetishmasligi, taksilarning narxi sun’iy oshirilish holatlari avj oladi. Chegirmalar berilardi, ammo chipta yo‘q bo‘lardi. Yo‘q imtiyozdan qanday foydalaniladi? Bu yilgi Yangi yilda bu holat takrorlanmaydimi?
Aholining hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish, yo‘lovchilarning o‘z vaqtida manzillariga xavfsiz yetib olishini ta’minlash borasida Transport vazirligi tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?
Shular xususida Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov kuydagilarni so‘zlab berdi:
Albatta, yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Transport vazirligi soha tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shimcha chora — tadbirlarni amalga oshirayotir. Xususan, aviatsiya yo‘nalishida amaldagi muntazam qatnovlardan tashqari joriy yilning 23 dekabridan 29 dekabrigacha bo‘lgan davrda Uzbekistan airways aviakompaniyasi tomonidan qo‘shimcha 17 ta aviaqatnov amalga oshiriladi. Jumladan, Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishida 5 ta (25, 26, 27, 28, 29 — dekabr kunlari), Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida 4 ta (23, 25, 26, 29 — dekabr kunlari), Toshkent – Nukus – Toshkent yo‘nalishida 3 ta (23, 24, 29 dekbar kunlari), Toshkent – Termiz – Toshkent yo‘nalishida 2 ta (23, 25 dekabda), Toshkent – Farg‘ona – Toshkent (25-dekabr), Toshkent – Qarshi – Toshkent (27-dekabr), Toshkent – Namangan – Toshkent (29-dekabr) yo‘nalishlarida esa 1 tadan qo‘shimcha reyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari yo‘lovchi oqimidan kelib chiqib, Toshkent – Nukus – Toshkent, Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishlaridagi qatnovlarda kichik fyuzelyajli Airbus A-320 laynerlari keng fyuzelyajli Boeing 767 rusumli havo kemalariga almashtiriladi. Buning natijasida qo‘shimcha yo‘lovchilar tashish uchun o‘rindiqlar yaratiladi. Shuningdek, “Humo air” aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Urganch – Toshkent, Toshkent – Nukus – Toshkent, Toshkent – Qarshi – Toshkent hamda Toshkent – Samarqand – Toshkent yo‘nalishlarida 180 ta o‘ringa mo‘ljallangan A-320 havo kemalarida qo‘shimcha 7 ta reys yo‘lga qo‘yilib, 1 ming 280 ta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Temir yo‘l transportida esa "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan joriy yilning 22 dekabr kunidan 2024 yilning 7 yanvar kuniga qadar qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar (jami 58 ta reys) hamda qo‘shimcha vagonlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida, qishqi ta’til davrida 50 ming 240 nafar yo‘lovchini qo‘shimcha tashish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, “Toshkent-Xiva-Toshkent” (18 ta reys) yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovlari tashkil etiladi va 10 ming 800 nafar yo‘lovchini qo‘shimcha tashish imkoniyati yaratiladi.
“Toshkent-Buxoro-Toshkent” yo‘nalishida qo‘shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi (12 ta reys) va 3 432 nafar yo‘lovchini qo‘shimcha tashish imkoniyati yaratiladi. “Toshkent-Samarqand-Toshkent” yo‘nalishida qo‘shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi (28 ta reys) va 8 008 nafar yo‘lovchini qo‘shimcha tashish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Toshkent-Urganch-Toshkent”, “Toshkent-Andijon-Toshkent”, “Toshkent-Termiz-Toshkent”, “Toshkent-Buxoro-Toshkent”, “Toshkent-Qo‘ng‘irot-Toshkent” va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda qatnovchi yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha to‘rttadan vagonlar ulanadi. Toshkent shahrini boshqa viloyatlar bilan bog‘lovchi 44 ta shaharlararo yo‘nalishlarda 276 ta avtobuslar biriktirilgan bo‘lib, bayram arafasida ushbu avtobuslarning barchasi to‘liq faoliyat olib borishi ta’minlanadi.
“Yangi yil” bayrami munosabati bilan “Toshkent” va Abu Saxiy avtovokzallaridan hamda xududiy avtovokzallardan kunlik grafik asosida qatnovchi reyslardan tashqari qo‘shimcha reyslar amalga oshiriladi. 2023 yilning 20-31 dekabr hamda 2024 yilning 1-7 yanvar kunlari 381 ta qo‘shimcha reyslar orqali 18 ming 669 ta yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi. Jumladan, “Toshkent” avtovokzalidan jami 14 ta yo‘nalishda 290 ta reys orqali 14 210 ta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun, Toshkent-Qarshi-40 ta reys 1960 ta yo‘lovchi, Toshkent-Qorako‘l-Olot-36 ta reys 1764 ta yo‘lovchi, Toshkent-Termez-28 ta reys 1372 ta yo‘lovchi, Toshkent-Shahrisabz-16 ta reys 784 ta yo‘lovchi, Toshkent-Denov-Uzun-23 ta reys 1127 ta yo‘lovchi, Toshkent-Buxoro-103 ta reys 5047 ta yo‘lovchi, Toshkent-Zarmiton-5 ta reys 245 ta yo‘lovchi, Toshkent-Djush-5 ta reys 245 ta yo‘lovchi, Toshkent-Zarafshon-9 ta reys 441 ta yo‘lovchi, Toshkent-Uchkuduk-9 ta reys 441 ta yo‘lovchi, Toshkent-Mirbozor-Xatirchi-8 ta reys 392 ta yo‘lovchi, Toshkent-Urgench-9 ta reys 441 ta yo‘lovchi, Toshkent-Xiva-9 ta reys 441 ta yo‘lovchi. Abu Saxiy avtovokzalidan jami 7 ta yo‘nalishda 91 ta reys orqali 4 459 ta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, Toshkent-G‘ijduvon-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-Navoiy-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-Nukus-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-To‘rtko‘l-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-Beruniy-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-Boysun-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi, Toshkent-Urgench-13 ta reys 637 ta yo‘lovchi.
Transport nazorati inspeksiyasining 195 nafar inspektorlari Respublikadagi har bir tumanga biriktirilgan. Ular tomonidan bayram kunlarida tadbirkorlik sub’ektlari (taksilar) yo‘l kira narxlarini sun’iy ravishda oshirib yubormaslik bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlari hamda nazorat tadbirlari olib boriladi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida aholining respublikamiz hududlari bo‘ylab transportda harkatlanishiga bo‘lgan mavsumiy talab to‘la qondiriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA