Bayram yoshlar markazida nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan Samarqand shahridagi konsert zalida tantanali marosim o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilganlarni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Konstitutsiya kuni bilan tabriklab, Bosh Qomusimiz asosida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida gapirdi.
– Konstitutsiya davlatning siyosiy tuzumi, tashkiliy asoslarini belgilab berish barobarida taraqqiyotga ham yo‘l ochdi – dedi E.Turdimov. – Biz buni mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlarda ko‘rib turibmiz. Misol uchun, “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da viloyatimizda investitsiya dasturi asosida jami 122 ta ijtimoiy soha ob’ekti qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Jumladan, 47 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 50 ta umumta’lim maktabi, 17 ta sog‘liqni saqlash tashkilotida zamon talablariga mos sharoit yaratildi. Samarqand shahrining Qorasuv massividagi ko‘p qavatli uylarga 773 ta oila ko‘chib o‘tdi. Ularning 290 tasi yosh oilalar ekani e’tiborlidir. Bu yil viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari 11 taga yetdi, talaba-yoshlarimiz esa 59 128 nafarni tashkil qilmoqda. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish qariyb 63 foizga yetdi.
Marosimda elimiz ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (foto), O‘zA