Markaziy kon boshqarmasi tashkil topganligining 60 yilligi bayrami konchilar maskani – Zarafshon shahrida davom etmoqda. Dastlab “Oltin vodiy” madaniyat saroyida soha fidoiylari mehnati yuksak sharaflandi. Shodiyona 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va konsert dasturiga ulanib ketdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur kon boshqarmasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining eng yirik va yetakchi korxonasidir. Unda mehnat qilayotgan 21 ming kishilik jamoaning soha rivojiga qo‘shayotgan hissasi beqiyos. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari e’tibori bilan kombinat miqyosida, ayniqsa, Markaziy kon boshqarmasi joylashgan Qizilqum kengliklarida amalga oshirilgan investitsiya loyihalari, ulkan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan zavodlar, konlar, temir yo‘llar, ijtimoiy soha ob’ektlari kombinat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Buning natijasida ishlab chiqarish sur’ati yangi bosqichga chiqdi.


– Albatta, sahroda matonatli mehnat qilayotgan, yuksak marralarni zabt etayotgan va korxona yubileyini nishonlayotgan zarshunoslarga bayramlar, tantanalar yarashadi, – deydi “NKMK” AJ Matbuot markazi xodimi Dildora Karimova. – Shu maqsadda kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan bugun kechki paytda Zarafshon shahridagi “Qizilqum” o‘yingohida kon boshqarmasi ishchi-xodimlari, aholi, mehmonlar uchun xalqimiz ardog‘idagi san’atkor, estradamizning yorqin yulduzi Sardor Mamadaliyev ishtirokida galakonsert tashkil etildi. Orziqib kutilgan bu konsert dasturi minglab yurtdoshlarimizga madaniy hordiq, quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.


– “Muruntov” qo‘rg‘onida yashaymiz. Konsert dovrug‘ini eshitib, oilamiz bilan bu tadbirga keldik. Taniqli san’atkor tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar raqslarga, o‘yingoh uzra gulduros olqishlarga ulanib, barchaga manzur bo‘ldi. Eng muhimi, xalqimiz rosa xursand bo‘ldi. Bu tadbirni tashkil etgan kombinat rahbariyatiga rahmat, – deydi Ulug‘bek Ergashev. – Biz shu hudud vakili sifatida bunday tadbirlarni ko‘proq tashkil etilishi tarafdorimiz. Chunki, mashaqqatli mehnatdan so‘ng mazmunli dam olishga, el suygan san’atkorlarni ko‘rib, ulardan qo‘shiq eshitishga ne yetsin.



Konsert dasturi so‘nggida Zarafshon shahrining tungi osmonida porlagan mushakbozlik barchaga birdek shodlik, bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri