Bayram dasturxoni to‘kin bo‘ladi
Samarqand viloyati tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlari va savdo majmualarida Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Samarqand viloyati tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlari va savdo majmualarida Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda. Aholi dasturxoni to‘kinligini, bozorda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan yarmarkalarga viloyatdagi ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari, parrandachilik fabrikalari biriktirilgan.
Samarqand shahridagi barcha dehqon bozorlari, aholi gavjum maskanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan savdo yarmarkalarida o‘n besh turdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxlarda, qulay to‘lov vositalari orqali sotilmoqda.
“Siyob dehqon bozori” hududida tashkil etilgan savdolarda Samarqand, Tayloq va Kattaqo‘rg‘on tumanlari, “Marmar dehqon bozori”da Oqdaryo va Jomboy, “Temiryo‘l dehqon bozori”da Pastdarg‘om, Bulung‘ur, Ishtixon tumanlari fermer xo‘jaliklari, parrandachilik korxonalari meva-sabzavot, poliz, go‘sht, tuxum va boshqa mahsulotlarni nisbatan arzon narxlarda sotmoqda.
– Har hafta “Siyob dehqon bozori”dan ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlarni xarid qilamiz, – deydi Dilafro‘z Isoqulova. – Bugun bayramoldi yarmarkasidan go‘sht, tuxum va boshqa mahsulotlarni ancha arzon narxda oldik. Savdoning plastik kartochkalar orqali ham amalga oshirilayotgani barchaga manzur bo‘lmoqda.
Savdo yarmarkalari 2015-yilning 5-yanvariga qadar davom etadi.