Bayden Davlat departamentida yakuniy nutq so‘zlaydi
AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘zining yakuniy nutqida ma’muriyati olib borgan tashqi siyosat strategiyasi natijasi hamda davlat rahbari sifatidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini bayon qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Oq uy ma’muriyati Bayden tashqi siyosatdagi asosiy yutuqlar sifatida, jumladan, NATO kengaytirilgani, Ukrainaga yordam berish uchun ittifoqchilarni birlashtira olgani, xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun Yaponiya va Janubiy Koreya ishtirokidagi tarixiy kelishuvlarga erishilganini sanab o‘tishini oshkor qilgandi.
Siyosatchi oxirgi nutqi uchun bejiz Davlat departamentini tanlamagan. Taxminan to‘rt yil oldin aynan shu joyda u respublikachi prezident Donald Trampning “Birinchi navbatda Amerika” siyosatiga ters o‘laroq, Qo‘shma Shtatlar global yetakchilikka qaytishini e’lon qilib, o‘zining birinchi yirik tashqi siyosatga bag‘ishlangan nutqini takdim etgandi.
Darvoqe, Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’muriyatning tashqi siyosati haqida gapirarkan, “AQSH ittifoqchilari o‘n yilliklardagidan ko‘ra, hozir qudratliroq ekani, NATO yanada kuchaygani, maqsadga yo‘naltirilgani va kengayib borayotganini ta’kidlagandi.
– Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan hamkorligimiz misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi, raqiblarimiz – Rossiya, Eron, Xitoy kuchsizlandi, – dedi u PBS telekanaliga bergan intervyusida. – Bularning bari Amerika yangi urushda bevosita ishtirok etmagan holda amalga oshirildi.
Ta’kidlash joiz, Baydendan o‘zi da’vo qilayotgan yutuqlarga qaramay, Ukrainadagi mojaro, Xitoy bilan Tayvan masalasida va savdo kelishmovchiligi bo‘yicha davom etayotgan taranglik hamda Yaqin Sharqdagi inqiroz kabi hal qilinmagan ko‘plab “noqulay” muammolar meros bo‘lib qolmoqda.
Amerikaning nufuzli “Foreign Policy” nashri ta’kidlaganidek, Bayden ma’muriyati erishgan muvaffaqiyatlar o‘zi o‘rnatgan yuqori standartga har doim ham javob bermagan.
– O‘rta sinf demokratiya yoki AQSHning global yetakchiligidan ko‘ra, ko‘proq inflyatsiyadan xavotir olmoqda, – deb yozadi nashr oxirgi nutq arafasida e’lon qilingan maqolada. – Bayden ma’muriyati demokratiyani mustahkamlash o‘rniga Trampning birinchi va ikkinchi muddati o‘rtasidagi ko‘prik bo‘ldi.
Saylangan Prezident esa allaqachon tashqi siyosatga munosabatni qayta ko‘rib chiqishga hozirlik ko‘rmoqda. U allaqachon Ukrainaga yordamni qisqartirish, NATOning boshqa a’zolari mudofaa xarajatini sezilarli darajada oshirish kerakligini ta’kidlagan. Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun kuch ishlatish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyatini ham yashirmayapti. Oq uyning bo‘lajak sohibi bularning bari milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun strategik ahamiyatga egaligini takrorlamoqda.
S.Rahimov,O‘zA