Baxtli va farovon oila – islohotlarning bosh maqsadi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Oila maskani”da “Erta nikohga barham berish va qizlar huquqlariga sarmoya kiritish” shiori ostida “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oila” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda.

Ayniqsa, oilalarda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, erta nikoh va ajrimlarning oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikka murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar nikoh ostonasida turgan yoshlarni oilaviy hayotga har tomonlama tayyorlash, ularda oilaviy mas’uliyat, o‘zaro hurmat va ishonch tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, oilada tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha huquqiy va psixologik bilimlarni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda 16 nafar nikohlanuvchi yoshga ota-onalik mas’uliyati, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilaviy hayotning tibbiy, iqtisodiy, ruhiy va ma’naviy jihatlari bo‘yicha zarur tushunchalar berildi.
Tadbir davomida yoshlarga oila qurish faqatgina nikohdan o‘tish emas, balki ikki insonning bir-biriga nisbatan mas’uliyati, farzandlar taqdiri va oila farovonligi uchun javobgarlikni zimmasiga olishi ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, oilada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, muammolarni o‘zaro muloqot orqali bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida oilaviy hayotga tayyorgarlikdan o‘tgan 8 ta juftlikka sertifikatlar topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri