"Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman!"
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavalludining 106 yilligiga bag‘ishlangan "Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman" nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Zulfiyaxonim she’riyati do‘stlik, hamjihatlik, vatanparvarlik, mehr, sadoqatni ham nafis, ham baland pardalarda, g‘oyat samimiy tarzda tarannum etgani bilan qadrlidir.
E’tiborga molik jihati, uning asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Zulfiya zug‘umi qattiq sho‘rolar davrida ham o‘zbek adabiyoti, ma’naviyati, milliy tabiatimizni, o‘zbek ayoli fazilatlarini jahonga munosib ko‘rsata olgan jasoratli ustoz ijodkordir.
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgani ko‘plab qizlarimizga umid, o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni bag‘ishladi. Shu bilan birga, mukofot yurtimiz qizlari zimmasiga yuksak ishonchga munosiblik mas’uliyatini ham yuklaydi.
Ma’rifiy tadbirda Zulfiya hamda Hamid Olimjon she’riyati aks etgan teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA