“Baxt uyi”ni qurmay turib, barbod qilayotganlar
«...Shokir bilan Nodira sinfdosh.
Ular bolalikdan bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishdi. Ota-onalari ham yoshlarning baxtini ko‘zlab, unashtirishdi. Bitiruv kechasining ertasiga ikki yosh nikohdan o‘tishdi. Shokir kuyov bo‘lganiga, Nodira esa oq libos kiyganiga xursand edi. Ammo bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Kasb-hunarsiz kuyov kelinga, uquvsiz kelin esa kuyovga yoqmay qoldi. Qudalarning “dedi-dedi”lari kelishmovchiliklarni kattalashtirib yubordi. Oxir-oqibat ularning baxt uyi besh oydayoq quladi...”
Xo‘sh, endi Nodiraning achchiq ko‘z yoshlari kelajagini o‘zgartira oladimi? Ikkita g‘o‘r yoshning taqdirini shoshma-shosharlik bilan bog‘lagan ota-onalarning vijdoni qiynalmaydimi?
Shokir va Nodiraga o‘xshagan taqdir egalari oramizda ko‘pligi va biz ularning baxtsizligiga tomoshabin bo‘lib yashayotganimizni bilamizmi? Bu borada mas’ullar qanday ishlarni olib borishyapdi? Savollarimiz ko‘p, javoblar-chi?
«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti joriy yilning fevral oyida erta nikoh va erta tug‘uruq sabablarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazgan sotsiologik tadqiqot natijalariga ko‘ra, erta nikoh va erta tug‘uruq holatlari eng ko‘p qayd etilayotgan hududlar – Samarqand viloyatining Urgut va Samarqand tumanlari hamda Samarqand shahri deb topilgan. Unda erta turmush qurgan va erta tug‘uruqni boshidan kechirgan 250 nafar o‘smir qiz va yosh kelinlar ishtirok etgan.
Natijalarga ko‘ra, erta turmushga chiqqan kelinlarning 70 foizi erta nikohning asosiy sababchisi sifatida ota-ona va oila a’zolarini ko‘rsatgan.
26 foiz ishtirokchi erta turmush qurganini sevgi-muhabbat bilan izohlagan. 3,4 foizi bu homila bilan bog‘liq bo‘lganini, 1,5 foizi esa yosh erga tegishiga diniy qarashlari sabab bo‘lganini bildirgan.
«Erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz o‘smir qizning sog‘lig‘i, 22,9 foizida ota-onasi va boshqa oila a’zolari bilan munosabatlar yomonlashgan.25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, garchi Samarqand bu borada peshqadam bo‘lsada, ammo boshqa viloyatlar ham ortda qolayotgani yo‘q. Masalan, Farg‘ona viloyatida ham erta nikoh masalasi bo‘yicha muammolar yetarli. Ayrim ota-onalar hattoki maktabni bitirmagan farzandini unashtirib qo‘yish xolatlarini kuzatish mumkin. Yaqinda vodiyga qilgan xizmat safarimiz chog‘ida aynan erta tumush bilan bog‘liq ko‘plab muammoli vaziyatlarga duch keldik.
Maktab yoshidagi qizlarning unashtirilishi bilan bog‘liq masalalar haqida ota-onalarni savolga tutganimizda, “Qiz meniki, istagan paytim turmushga uzataman, agar maktabni bitirguncha uzatmasam, keyin o‘tirib qolgan deb hech kim olmaydi”, degan fikrlarni eshitdik. Ota-onalardagi bu fikr balog‘at yoshidagi qizlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada pasaytiradi. Ya’ni erta turmushga chiqmasam, oilasiz qolib ketaman, degan qo‘rquv ularga tinchlik bermaydi.
Xo‘sh, yoshlar o‘rtasida erta nikoh holatlari qayd etilishining oldini olish borasida FHDYO organlari xodimlari qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
– FHDYOda eksterritorial degan termin bor,– deydi Toshkent shahri, Uchtepa tumani FHDYO bo‘limi mudirasi Nozima Abdusalomova. – Bu termin lotinchada xududdan tashqarida degan ma’noni anglatadi. Eksterritorial jarayonga o‘tish 2019 yil 15 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bilan boshlanib, shu yilning o‘zidayoq aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ilk qadamlar tashlandi. Qarorga ko‘ra, fuqarolar doimiy yashash joyidan qat’iy nazar o‘ziga yaqin bo‘lgan hududdagi FHDYO organiga murojaat qilish huquqiga ega. Shu sabab bizga ko‘pincha 17 yoshdagi yigit-qizlarning ota-onalari nikoh masalasi bo‘yicha murojaat qilishadi. Biz ularga 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi (18 yosh) tenglashtirilganini, faqat tuman(shahar) hokimi nikoh yoshini 1 yilga kamaytirishga ruxsat bergan holatlardagina nikohlar FHDYO bo‘limlarida qayd etilishi mumkinligini tushuntiramiz. Chunki fuqarolar o‘rtasidagi ajrimlar ham aynan erta nikoh qurganlar o‘rtasida kuzatilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, har bir inson o‘z baxtini o‘z qo‘li bilan yaratishi kerak. Na ota-onasi, na qarindosh-urug‘lari bosim o‘tkazmasligi, salbiy bid’atlarni yoshlar ongiga singdirmasligi zarur. To‘g‘ri tanlov asosiga qurilgan oila poydevori esa hamisha mustahkam bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA