Batoshdagi chiqindilar tozalandi
Yaqinda saytimiz orqali Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Batosh mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli namunali loyihalar asosida qurilgan uy-joy massivida yig‘ilib qolgan chiqindilar bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan edi.
O‘zA tanqiddan so‘ng...
Yaqinda saytimiz orqali Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Batosh mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli namunali loyihalar asosida qurilgan uy-joy massivida yig‘ilib qolgan chiqindilar bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan edi.
Tanqiddan so‘ng mazkur muammo tuman mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqilib, tez fursatda munosabat bildirildi. Qashqadaryo viloyat “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Qarshi tuman filialiga qarashli maxsus mashinalar yordamida chiqindilar tozalab olindi.
Bundan massivda yashovchi xonadon egalari ham, nafimiz tekkanidan biz ham mamnun bo‘ldik. Ammo muammoni ko‘tarishdan maqsad to‘rt-besh mashina chiqindini oldirish emasdi. Boisi bugun tozalab olingan joy yana bir necha haftada axlatxonaga aylanib qolishi kundek ravshan. U yerda yashovchi fuqarolar esa chiqindilarni tashlaydigan maxsus joy qurilishini istaydi.
Ushbu holat bo‘yicha tuman hokimligi vakillari bilan bog‘landik.
– Tumanimizda chiqindilarni tozalash bilan bog‘liq muammolarning borligi rost, – deydi tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Jasur G‘aniev. – Bu masalalar bo‘yicha mahallalar kesimida yo‘l xaritalari tuzilmoqda. Jumladan, Yangi Batosh mahallasiga ham joriy yil oxiriga qadar 4 ta maxsus chiqindixona qurib beriladi. Bu mahallaning bosh rejasiga kiritilgan. Bundan tashqari bir nechta nuqtalariga ko‘chma konteynerlar ham qo‘yiladi. Tuman toza hudud tashkiloti aholi bilan kelishgan holda chiqindilarni tozalab ketishi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman hokimligi vakilining javobidan aniq bo‘ldiki, joriy yil oxiriga borib, Yangi Batoshda chiqindi bilan bog‘liq muammolarga barham beriladi. Albatta, bu gaplar faqat qog‘ozlarda rejaligicha, qolib ketmaydi deb umid qilamiz.
Shu o‘rinda Qashqadaryo viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Qarshi tuman filialining imkoniyatlari xususida to‘xtalsak. Filial rahbari Sanjar Sultonovning ta’kidlashicha, idora balansida 8 ta chiqindi tashiydigan, 1 ta fikalovoz va 1 ta samosval kabi maxsus texnikalar bor va tumandagi 10 ta mahalla bilan shartnoma asosida ishlaydi. Biriktirilgan mahallalardagi chiqindilar o‘sha texnikalar yordamida haftasiga bir marotaba tozalanadi.
Qarshi tumanida ayni paytda 50 dan ziyod mahallalar mavjud. Eng qizig‘i Batosh mahallasi ham haftasiga tozalanadigan mahallalar o‘ntaligiga kiritilgan ekan. U yerda yuzaga kelgan holatni hisobga olsak, ro‘yxatga kiritilgan o‘nta mahalladagi ahvolni chamalash qiyin emas.
Ko‘rinadiki, “Toza hudud” tashkiloti tuman filialining faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar ham hali talaygina. Endi bu alohida mavzu.