Bashar Asad va uning ukasi Mohir sirtdan sudlanmoqda
Suriya poytaxti Damashq shahrida Bashar Asad davrida xizmat qilgan yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan birinchi ochiq sud boshlandi. Jarayonda ag‘darilgan sobiq rahbar va uning ukasi Mohir al-Asadning nomi ham qayd etilgan.
Aka-uka qotillik, qiynoq, tovlamachilik va xalqqa qarshi boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. Hozir Suriyadan tashqarida yashayotgan ikkala ayblanuvchi ham sirtdan sud qilinmoqda.
Sudda Basharning amakivachchasi, 2011-yil Dara’ viloyatida siyosiy xavfsizlik idorasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Atif Najib bevosita qatnashdi. U fuqarolar urushini keltirib chiqargan norozilik namoyishini shafqatsiz bostirishda ayblanmoqda. Najib ilk majlisda hozir bo‘lgan yagona sudlanuvchidir.
S.Rahimov, O‘zA