Barqarorlikning mustahkam poydevori
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatining bir qator shahar va tumanlarida “Mustahkam oila — tinch hayot va yorug‘ kelajak poydevori” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ishchi guruhi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar doirasida Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat harbiy prokuraturasi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida harbiy xizmatchilar, xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, psixologik mashg‘ulotlar, kitoblar ko‘rgazmasi va sport musobaqalari tashkil etildi.


Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tgan tadbirda oila institutini mustahkamlash, sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, milliy va oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, farzandlar tarbiyasida ota-ona mas’uliyatini yanada oshirish, oilada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.


Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida oilalarni ijtimoiy, ma’naviy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi shakllantirildi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida mahallalarda oilalar bilan manzilli ishlash, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish, aholining, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy va psixologik savodxonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.


Tadbir davomida harbiy psixolog tomonidan harbiy xizmatchilar ishtirokida jamoada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, stressni boshqarish, xizmat faoliyatida ruhiy barqarorlikni ta’minlash hamda muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy psixologik treninglar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda ishtirokchilarga xizmat jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan turli ruhiy holatlarni samarali boshqarish, jamoada o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, nizoli vaziyatlarni konstruktiv hal etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.


Jizzax politexnika institutining 2-o‘quv binosida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan adabiyotlar oilaviy qadriyatlar, ma’naviy tarbiya, vatanparvarlik va shaxs kamolotiga oid mavzularni qamrab oldi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil qilinib, ularni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar “Otam, onam va men — sportsevar oilamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan sport musobaqalari bilan yakunlandi. Epchillik, chaqqonlik, tezkorlik va aniqlikni sinovdan o‘tkazuvchi bellashuvlar ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday ma’naviy-ma’rifiy va psixologik tadbirlar xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, oila institutini qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda barqaror ijtimoiy muhitni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri