Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligining “2025 yil to‘qqiz oylik uchun Davlat byudjeti parametrlarida barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar uchun ajratilgan mablag‘lar hamda ularning sarflanishi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Axborotda qayd etilishicha, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan maqsadlarga erishish uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda 68,8 foiz mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 74,1 foizni tashkil etgan. Joriy yilning 9 oyida ushbu maqsadlarga sarflangan mablag‘lar Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 74 foizini tashkil qilmoqda.

Yig‘ilishda Davlat byudjeti xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim o‘zgarishiga ta’sirini ko‘rsatib borish (markirovkalash) konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Muhokamalarda xalq vakillari Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari yo‘nalishida ajratilgan mablag‘larning manzilli va maqsadli ishlatilishi bo‘yicha parlament hamda mahalliy Kengash deputatlari tomonidan nazorat qilish bo‘yicha mexanizmlarni ishlab chiqish lozimligi haqida taklif bildirdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA