1992 yilda Rio-de-Janeyroda BMTning atrof-muhit va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada 8 mingdan ziyod delegatlar, shuningdek, 3 mingga yaqin nodavlat xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya “Sayyorani saqlab qolish uchun so‘nggi imkoniyatimiz” shiori ostida o‘tkazilgan. Rio Yer sammiti atrof-muhit bo‘yicha eng yirik xalqaro anjuman hisoblanadi.
Yer yuzidagi aksariyat tillarda «tabiat» va «yer» tushunchalari «ona» so‘zi bilan birga talaffuz etiladi: ona-tabiat, ona-yer, ona-zamin, priroda-mat, motherland, natura e nenes, chir ine (xakas tilida), madre tierra (ispan tilida), pacha mama (Janubiy Amerika qabilalari tilida).
Xalqlarning lingvomadaniyati ularning dunyoqarashi, kognitiv tafakkuri, tabiat, olam, borliq haqidagi mifologik, ekzistensial tasavvurlarini aks ettiradi.
Yer, sayyora, zaminni ona timsolida tasavvur qilish bejiz emas, hamisha yer ona kabi yaratuvchilik vazifasini bajargan, inson o‘zi uchun zarur bo‘lgan barcha ne’matlarni tabiatdan olgan.
Ammo XXI asrga kelib tamaddun rivoji, postgloballashuv, to‘rtinchi sanoat inqilobi, urbanizatsiya, ishlab chiqarishning keskin o‘sishi, tabiatga antropomorf ta’sirlar oqibatida Yerda global ekologik muammolar yuzaga chiqdi va tabiatni muhofaza qilishni keng miqyosda amalga oshirish, barcha sohada (ishlab chiqarish, fan-texnika, tabiiy resurslardan ratsional foydalanish) ekologik yondashuv zaruriyati paydo bo‘ldi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 22 aprelda qabul qilgan A/RES/63/278 - sonli rezolyutsiyaga binoan «22 aprel - Xalqaro Ona-zamin kuni» deb e’lon qilindi.
Bundan maqsad insoniyat, keng jamoatchilik e’tiborini yana bir bor mavjud muammolarga qaratish, potensial ekologik xavfdan ogoh etish, ta’lim-tarbiyada ustuvor qilib ekologik madaniyat, global ong, ijtimoiy intellekt, o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlik hissini tarkib toptirishdan iborat edi.
Hozirda insoniyatni tashvishga solayotgan global ekologik muammolar va xatarlar chegara tanlamaydi, ular butun insoniyatning birgalikda hal qilishini talab qiladigan vazifalardir.
Sayyoramizda global isishning oqibati suv toshqinlari, sunami, tornado, dunyo okean sathining bir necha daraja ko‘tarilishida namoyon bo‘lmoqda.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2100 yilga kelib Arktika mintaqasida havo harorati 4-9ºC darajagacha ko‘tariladi. Orol dengizining qurishi nafaqat O‘zbekistonning, Markaziy Osiyoning, balki butun dunyoning muammosidir.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, har yili shamol 150 million tonna tuzni Skandinaviya va hatto Antarktida hududiga eltib boradi.
1986 yilda sodir bo‘lgan Chernobil AES portlpshi yadro energetikasi tarixidagi eng yirik texnogen falokat hisoblanadi.
AES portlashi oqibatida butun Yevropa bo‘ylab radioaktiv yong‘inlar yuz bergan, hududda onkologik kasalliklar soni keskin ortgan, ekotizimga mislsiz zarar yetkazilgan.
2001 yilda Tuluzadagi (Fransiya) "AZF" kimyo zavodida detonatsiya tufayli 300 tonna ammoniy nitrati (ammiakli selitra) portlashi oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi, jarohat olganlarning umumiy soni 8000 dan oshdi, minglab turar-joy binolari va muassasalar vayron bo‘ldi (79 ta maktab, 11ta litsey, ikkita universitet, 184 ta bolalar bog‘chasi, 27 mingta kvartira va b.), 40 ming kishi uysiz qoldi, 134 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Zararning umumiy miqdori uch milliard yevroni tashkil etdi.
2011 yilda Yaponiyaning Fukusima-1 AESda kuchli zilziladan so‘ng Chernobil falokatidan keyin eng katta texnogen avariya sodir bo‘ldi.
Favqulodda vaziyat oqibatida AESning umumiy radioaktiv chiqindilari 900 ming terrabekkerelni tashkil etdi.
Mutaxassislar tomonidan avariya oqibatida ko‘rilgan zararning umumiy miqdori 74 mlrd. dollarga baholandi. Avariya oqibatlarini to‘liq bartaraf etish taxminan 40 yil davom etadi.
2002 yilda Ispaniya qirg‘oqlarida “Prestige” neft tankeri kuchli bo‘ron natijasida cho‘kib ketdi.
Tabiiy ofat oqibatida dengizga 64 ming tonna mazut tushdi. Suv maydonini to‘liq tozalash uchun 12 milliard dollar sarflandi, ammo ekotizimga yetkazilgan zararni to‘liq baholash mumkin emas.
WWF (Butunjahon yovvoyi tabiat fondi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Avstraliyada sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari kamida 3 milliard hayvonga ta’sir ko‘rsatdi.
Favqulodda vaziyat oqibatida 60 mingdan ortiq koala, bir necha million kenguru nobud bo‘ldi.
Afrika mintaqasi davlatlari katta qarzdorlikni qoplash uchun tabiiy resurslardan ayovsiz foydalanmoqda.
Hindistonning Gopal shtatidagi korxonada gaz diffuziyasidan 2000 kishi halok bo‘lgan, 20000 kishi turli darajada jarohat olgan.
Mexikoda suyuq gaz sisternasining portlashi oqibatida 1000 kishi nobud bo‘lgan va bir necha yuz ming kishi boshpanasiz qolgan.
Shveysariyadagi korxonada yuz bergan yong‘in tufayli uran, simob kabi radioaktiv moddalar Reyn daryosiga oqib tushishi natijasida millionlab baliqlar nobud bo‘lgan. Germaniya va Gollandiyada toza suv muammosini keltirib chiqargan.
Braziliyadagi Amazoniya o‘rmonlarida tropik yong‘inlar natijasida 500 million asalari qirilib ketgan. Tozalanmagan ichimlik suvini iste’mol qilish oqibatida millionlab insonlar turli kasalliklarga chalinmoqda.
Noto‘g‘ri hayot tarzi, ekotizimning buzilishi turli kasallik va pandemiyalarni keltirib chiqarmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, turli kasallik va pandemiyalar (ebola, qush grippi, atipik pnevmoniya, VICH-infeksiyasi, koronavirus) oqibatida so‘nggi yillarda 25 milliondan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2019 dekabr oyida Xitoyning Uxan provinsiyasidan boshlangan COVID-19 (koronavirus) pandemiyasini Ikkinchi jahon urushidan so‘ng insoniyat oldida turgan eng yirik tahdid deb baholadi.
Jon Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ushbu kasallikka chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 141 million, vafot etganlar qariyb 3 000 000 ni tashkil etadi.
Zamonaviy rivojlanish tendensiyalari atrof-muhitni keskin salbiy o‘zgarishlariga olib kelayapti.
Aholi soni ikki baravar ko‘payishi bashorat qilinayotgan yaqin kelajakda insoniyatning tabiatga bog‘liqligi yanada ortishi e’tiborga olinsa, vaziyatning ayanchliligi yanada oydinlashadi.
Jahon iqtisodiyoti ekvivalenti hozirgi kunda 15 trillion AQSH dollariga teng va bu ko‘rsatkich muntazam o‘sib bormoqda.
XX asrning atoqli adibi, ikkinchi jahon urushida harbiy aviamashqlar chog‘ida halok bo‘lgan Antuan de Sent-Ekzyuperining ushbu so‘zlarda butun insoniyatni yakdil harakat qilishga chorlash tuyg‘usi mujassam:
«Dunyo sahroga aylandi... Biz barchamiz bunda do‘st izlaymiz, do‘stlararo bir burda non topib yeyish uchun biz urushlar ochamiz. Biz aldandik. Urush va nafrat umumiy olg‘a harakat shodligiga hech narsa qo‘shmaydi. Nima uchun bir-birimizdan nafratlanamiz? Axir, barchamiz bir sayyorada uchib ketayotibmiz, hammamiz bir kemaning yo‘lovchilarimiz. Turli tamaddunlararo bahsda yangi bir komil go‘zallik tug‘ilsa yaxshi, ammo turli tamaddunlarning bir-birini qirib tugatishi dahshatlidir! Nima uchun biz barchamizni mushtarak etuvchi maqsadlarni izlamaymiz? Bemorni ko‘zdan kechirayotgan tabib uning nidolarini eshitmaydi, uning uchun bemorning qaysi tilda gapirishi ahamiyatli emas, uning uchun insonga shifo bermoq muhim. Tabib umumiylik qonuniyatiga xizmat qiladi. Bu qonuniyatga ilohiy tenglamalarni izlovchi va topuvchi fizik ham amal qiladi. Va nihoyat, unga oddiy cho‘pon ham xizmat qiladi. Har birimiz ulkan tamaddun uchun javobgarmiz...».
Mashhur ingliz adibi Artur Konan Doylning 1928 yilda “Liberty Magazine” jurnalida nashr etilgan “Yer nido qilganida” nomli fantastik hikoyasida aks etgan g‘oyalar, afsuski, bizning davrimizda real voqelikka aylandi.
Insoniyat tafakkurida texnokratik yondashuv bilan birga ma’naviy xatarlar - altruizm, gumanizm, tolerantlik tuyg‘ularining susaygani, ijtimoiy intellektning yo‘qola boshlagani tilga olinmoqda.
Asrimiz texnologiyalari inson ongini tubdan o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Texnologik singulyarlik, indigo-bolalar, virtual tafakkur, sun’iy intellekt tushunchalarining paydo bo‘lgani fikrimiz dalilidir.
Bu esa ta’lim-tarbiyada ustuvor etib ma’naviy ibtidoni asrab qolish va himoya etish, ezgulik, insonparvarlik, tolerantlik g‘oyalari ostida bahamjihat yashashni o‘rganish, global ong, ekologik madaniyat, ijtimoiy intellekt, o‘z xatti-harakati va qarorlari uchun javobgarlik hissini tarkib toptirish vazifasini qo‘ydi.
1972 yilda Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida BMT tomonidan atrof-muhit masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiya barqaror rivojlanishning tamal toshini qo‘ydi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan 26 tamoyildan iborat deklaratsiya insoniyat tomonidan taraqqiyotning yangi paradigmasini qabul qilganining e’tirofi bo‘ldi.
«Barqaror rivojlanish» iborasi norvegiyalik siyosatshunos Xarlem Brundtlandning ushbu konferensiyada «Bizning umumiy kelajagimiz» mavzusida qilgan nutqidan so‘ng ishlatila boshladi. Global miqyosda barqaror rivojlanishga o‘tish imperativ xususiyatga ega hamda uning muqobili yo‘q.
Barqaror rivojlanish global o‘zgarishlar strategiyasining muhim o‘zak elementi bo‘lmog‘i lozim.
Barqaror rivojlanish bugungi avlodlarning o‘z istak- ehtiyojlarini kelajak avlodlar manfaatlariga zid bo‘lmagan holda qondirishga asoslangan rivojlanish yo‘li, deya ta’riflandi.
Insoniyat o‘z hayotiy faoliyati va biosfera o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolsagina biologik tur sifatida omon qolishi mumkin.
Umuman olganda biosfera, xususan ekotizimlar cheklangan imkoniyatlarga ega ekanligi, turli antropomorf jarayonlarning haddan oshiq ta’siridan zararlanishi ma’lum bo‘ldi.
Zamonaviy texnokratik tamaddun darajasi insoniyatga sayyoramizdagi evolyutsion, ijtimoiy-biologik jarayonlarni o‘zgartirish uchun mislsiz imkoniyatlarni beradi.
Shuningdek, texnokratik tamaddun va texnologiyalar sharoitida shaxslararo munosabatlarda empatiya, insonlarga hamdard bo‘lish, insonlar bilan umumiy til topish, insonlarga yordam berish, altruizm kabi gumanistik ko‘nikmalarning roli ortib boradi.
bugungi kunda mavjud barcha ta’lim dasturlarini ushbu konseptual g‘oya va tamoyillar asosida qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj bor.
Mos ravishda ta’lim-tarbiya metodologiyasini o‘zgartirish, yangicha estetik dunyoqarashni shakllantirish zarur.
Jamiyat rivojining hozirgi bosqichida ekologik tafakkurga ega, ijodiy, nostandart fikrlaydigan, fan va ishlab chiqarishda yangi usullarni topa oladigan professional mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortmoqda.
Muammoning yechimi shaxsiy imkoniyatlarni muttasil rivojlantirish, muhim ijtimoiy ko‘nikmalarni egallash, uzluksiz ta’lim olish masalasiga borib taqaladi. «Lifelong learning» , ya’ni «umr davomida ta’lim olish» konsepsiyasining paydo bo‘lgani bejiz emas.
Zamonaviy ta’lim dasturlari tabiat, jamiyat va shaxsning konseptual muammolaridan kelib chiqishi XXI asrda quyidagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmishi lozim:
determinizm;
dunyoviy tafakkur;
ekologik madaniyat;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
iste’mol madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish;
o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlik tuyg‘usi;
barqaror rivojlanish tamoyillarini teran anglash va qabul qilish;
ijodiy fikrlash, yangi g‘oyalarni taklif qilish;
fanni ommaviylashtirish;
Action Learning;
intellektual texnologiyalardan oqilona foydalanish;
empatiya;
tolerantlik, har xil ijtimoiy guruhlarda munosabatlarga tez kirishuvchan bo‘lish;
muammoning eng adolatli yechimini topa olish;
sotsial intellekt;
shaxs ekologiyasi.
“Homo sapiens” - aqlli odam bioijtimoiy mavjudot sifatida sayyoramizda o‘z tabiiy instinktlari, vital ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish uchun tafakkuri, intellektual salohiyatiga tayanib texnologik tamaddunga asos soldi.
Shu bilan birga, antropomorf ta’sirlar oqibatida tabiatga, sayyoraga cheksiz zarar yetkazildi.
2012 yilda bo‘lib o‘tgan xalqaro geokonferensiyada muallif navbatdagi biologik turni “Homo humanus” - insonparvar odam deb atashni taklif qilgan edi. O‘ylaymanki, yangi biologik tur tabiatga, uning buyuk qonuniyatlariga mutanosib ravishda hayot kechirish naqadar muhimligini anglaydi va o‘z aqli-shuurini ma’naviy imperativlarga amal qilish, yashash tarzini «ezgu niyat, ezgu kalom, ezgu amal» ahloqiy triadasi asosida qurish, yaratuvchiga cheksiz shukronalik yo‘lida sarf etadi.
Zero inson uchun bilim olishning o‘zi kifoya emas, olingan bilimni taraqqiyot yo‘lida sarflashni ham bilmoq kerak.
MOHIRA XOLIQOVA,
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi
«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i,
falsafa doktori, dotsent