Barqaror iqtisodiyot garovi
Andijonda “Tadbirkorlik va fermerlik rivoji – barqaror iqtisodiyot garovi” mavzusida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda “Tadbirkorlik va fermerlik rivoji – barqaror iqtisodiyot garovi” mavzusida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, tijorat banklari mutaxassislari, yosh tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Forumda “Fermerlik harakatini yanada takomillashtirish va jadal rivojlantirishning o‘ziga xos jihatlari”, “Fermerlik harakati – qishloq infratuzilmasini rivojlantirishda hal qiluvchi yetakchi kuch”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – mamlakatimiz iqtisodiyotining poydevori” singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish borasida yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida “Yosh fermer” ko‘rik-tanlovining Andijon viloyati bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Izboskan tumanidagi “Jonobod chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Daminov birinchi, Baliqchi tumanidagi “Burxon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Burxonbek Jabborov ikkinchi, Paxtaobod tumanidagi “Qayr” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Otabek Qo‘chqorov uchinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– 2007-yilda tashkil etilgan xo‘jaligimizda dastlab 10 bosh qoramol boqqanmiz, – deydi tanlov g‘olibi, “Jonobod chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Daminov. – Bugungi kunda ularning soni 200 boshdan oshdi. O‘tgan davrda bankdan olingan kreditlar hisobiga xorijdan zotdor qoramollar keltirdik. Xo‘jaligimiz qoshida tashkil etilgan sutni qayta ishlash sexida 6 turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Asalarichilik, uzumchilikni rivojlantirishda ham salmoqli yutuqlarga erishdik. Bugun tanlovda g‘olib bo‘lganimdan juda xursandman. Bu biz, fermerlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar samarasidir.