Barot Isroilning “Asriynoma yoxud Barotiynoma” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, uyushma a’zosi Barot Isroilning “Asriynoma yoxud Barotiynoma” deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar, shoirlar, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etgan tadbirni uyushma raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi.
– Adabiyotga, ma’naviyatga e’tibor kuchaygan mamlakatimizda ijod ahlining asarlarini nashr etishga, ularni ma’naviy jihatdan ruhlantirish, yangidan-yangi asarlar yaratishga chorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bu kabi kitoblarning taqdimot tadbirlari kitobxonlikni yanada ommalashtirishga, yosh avlodning milliy adabiyotimizga bo‘lgan mehri va qiziqishini tobora kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi kitob taqdimotida Barot Isroil ijodining o‘ziga xosligi xususida atroflicha so‘z yuritildi.
[gallery-19355]
Tarixiy voqealar, Turon mamlakatida birinchi va ikkinchi uyg‘onish davri vakillari, uchinchi uyg‘onish davrining tamal toshini qo‘yish yo‘lida izlanayotgan fidoyi zamondoshlar haqida lavhalar hamda “Kundalik daftari“ga kiritilgan yozuvlar, “Hayotning zahmatlari – Umrimning hikmatlari“ daftariga qayd etilgan ma’lumotlar va so‘nggi yillarda yozilgan yangi asarlar asosida jamlanib, “Tanlangan asarlarning“ beshinchi mazkur kitobi bunyod etildi.
Kitob “Voris-nashriyoti”da chop etilgan. Ushbu yangi nashr 110 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, undan adiblarning hayoti va ijodi, she’rlar, g‘azallar o‘rin olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Barot Isroil 1938 yilda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq (hozirgi Ohangaron) tumanida dunyoga keldi. 1956 yildan Toshkent shahridagi 1-sonli bosmaxonada ish faoliyatini boshlaydi. Ayni shu yillari uning “Imtihon” she’ri o‘zi yashayotgan tumandagi “Mash’al” gazetasida e’lon qilinadi.
Barot Isroil Toshkent davlat pedagogika institutida (1960–1966) tahsil olgach, hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida (1966–1970), so‘ngra O‘zbekiston teleradiokompaniyasida xizmat qiladi. Shoirning ilk “Boychechak” kitobi O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemirning so‘z boshisi va muharrirligida 1972 yilda nashr etilgan edi. Shundan so‘ng “Nay navosi” (1976), “Oq bulut” (1979), “Oq oltin” (1980), “Bahor” (1982), “Subhidam” (1985), “Shirin kulcha” (1989), “Nastarin” (1992), “To‘ytepaga to‘yga keling” (1997), “Alisherning shirin tili” (1998) singari majmualari hamda Najmiddin Kubro to‘g‘risidagi “Turonlik avliyo” asari dunyoga keldi.
Ijodkorning bolalar uchun yozilgan “Er va she’r” dostoni asosida “Hayvonlar sultoni” nomli opera, “Alisherning shirin tili” dostoni asosida radiospektakl yaratildi. Besh jildlik tanlangan asarlari chop etildi. Barot Isroil Nikolay Nekrasov, Sobit Muqonov, Rasul Hamzatov, Jo‘lmirza Oymirzayev va boshqa ko‘plab qardosh xalqlar shoirlari ijodidan namunalarni ona tilimizga tarjimalar qildi.
Tadbirda Barot Isroil ijodi va uning yangi kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, Oybek Padayev (surat),O‘zA