Barkamol avlod: Navoiyda eng kuchli jamoa aniqlanadi
Bugun, 18 mart kuni Navoiy shahrida «Barkamol avlod-2022» sport o‘yinlari final bosqichidan o‘rin olgan basketbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarga start beriladi.
Navoiy shahri mezbonlik qilayotgan ushbu musobaqada akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlaridan tashkil topgan 4 ta hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyati terma jamoalari respublika chempionligi uchun kurash olib boradi. Bahslar 19 martga qadar davom etadi.

Xabaringiz bor, «Barkamol avlod» sport o‘yinlari respublika final bosqichi bahslarining bugungacha 8 ta yo‘nalishida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
«Barkamol avlod-2022» sport o‘yinlari dasturiga binoan final bosqichi doirasida yana badminton, basketbol, belbog‘li kurash, stol tennisi, shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha 6 ta musobaqa bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Barkamol avlod» sport festivali nizomiga muvofiq 12 ta sport turida o‘tkaziluvchi ushu musobaqalar yakunida 14 ta hududning to‘plagan ochkolari hisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hudud aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA