“Barkamol avlod bolalari” o‘z iste’dodini namoyish etdi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida yosh avlodning iste’dodi, salohiyati va ijodkorligini yuzaga chiqarishga qaratilgan yana bir yirik madaniy-ma’rifiy tadbir – “Barkamol avlod bolalari” festivalining 2-mavsumi yorqin va unutilmas onlarga boy tarzda o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival madaniyat va san’at (tasviriy san’at va libos dizayni), texnika, konstruktorlik va modellashtirish (robototexnika va konstruktorlik), jismoniy tarbiya va sport (shaxmat-shashka), hunarmandchilik va qo‘l mehnati (munchoqli bezak), turizm va ekologiya (karving), oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov (mental arifmetika), xorijiy tillar (ingliz tili) yo‘nalishlarini qamrab oldi.
[gallery-23673]
Tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilarning to‘garaklardagi ishtirokini kengaytirish, innovatsion ta’lim uslublarini joriy etish, ichki turizmni rivojlantirish, tajriba almashish hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Festivalning barcha bosqichlarida jami 35 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yosh ishtirok etdi. Ular ko‘rgazmalar, mahorat darslari, ijodiy chiqishlar, sport bellashuvlari va boshqa faoliyatlar orqali o‘z bilim va mahoratini namoyish qildi.
Tadbir kuy-qo‘shiqlar, teatr sahnalari va musiqiy chiqishlar bilan boyitilib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, festivalning 64-Xalqaro «Gullar festivali» bilan bir vaqtda o‘tkazilgani Namangan viloyatining o‘ziga xos go‘zalligi va gullar shahri sifatidagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi.
Festival g‘oliblari va faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA