O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimi rahbariyati va xodimlari uchun “Barhayot chinor” spektaklining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur spektakl buyuk adib, jamoat arbobi, akademik, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybek va rafiqasi Zarifaxonim Saidnosirova haqida hikoya qiladi. Unda Oybek domlaning bolalik, o‘rta yoshlik va keksalik davridagi voqealar yorqin aks etadi.

Mutaxassis va ijodkorlar tomonidan spektakl iliq kutib olindi.
– Teatr jamoasiga katta rahmat, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Oybek domlaga mehrim bo‘lakcha, asarlarini o‘qib chiqqanman. Bugungi spektakl barcha tomoshabinlar kabi menga ham juda ma’qul bo‘ldi. Yana bir marotaba buyuk yozuvchining asarlarini o‘qib chiqishga qaror qildim. Teatr ijodkorlarining mahoratiga qoyil qoldim. Mana shunday salmoqli, yuksak saviyadagi, tomoshabin ma’naviyatini yanada boyitishga xizmat qiladigan asarlar ko‘paysin.

Spektakldagi rollarni Bahodir Nishonov, Musulmon Yunusov, Farida Umarova, Barot Hasanov, Sanjar Islomoxunov, Abduma’ruf Qodirov, Hakima Otaxonova kabi mahoratli aktyorlar ijro etgan.

N.Usmonova, O‘zA