“Barchasi inson qadri uchun”
Jizzax davlat pedagogika universiteti tashabbusi bilan Jizzax shahridagi 32-sonli yordamchi maktab-internatida “Barchasi inson qadri uchun” xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbir maktab-internat tarbiyalanuvchilarining ijodiy ishlaridan tashkil topgan ko‘rgazma bilan boshlandi.
Mazkur yordamchi maktab-intrenatida 261 nafar aqlan va jismonan nuqsonli bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu yerda tarbiyalanayotgan har bir bola qaysidir kasb-hunarga yo‘naltirilgan.
– Ular imkoniyati cheklangan, ammo iste’dodli, – deydi JDPU rektori, professor Sh.Sharipov – Shu bois bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jizzax davlat pedagogika universitetida ularning ijodiy ishlaridan iborat savdo yarmarkasini tashkil etishni rejalashtirdik. O‘ylaymanki, bu ko‘rgazma bolalarga katta rag‘bat bo‘ladi. Maqsad, bolajonlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarishdir.
[gallery-9834]
– Bir necha yildan buyon mana shu bolalar bilan birga, ularning dardu tashvishlari, muammolari, quvonchu yutuqlari bilan hamnafas yashayman, – deydi maktab-internat direktori o‘rinbosari Dilfuza Umarova. – Eng qiyin lahzalarda ham yaxshilarning muruvvati, yordami ana shu ko‘ngli nozik bolalarga umid va ishonch bag‘ishlaydi. bugungi tadbirdan bolajonlarimizning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Ko‘ngli o‘ksik insonlar, ayniqsa bolalarning qalbiga quvonch ulashishdan, hayotni sevishga o‘rgatishdan ulug‘roq ish yo‘q.
Xayriya tadbiri musiqiy kechaga ulanib ketdi. Universitet badiiy jamoasining kuy-qo‘shiqlari mehr-muruvvatga muhtoj bolalar qalbiga shodlik hadya etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA