Barchasi aholi salomatligi uchun
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani tibbiyot birlashmasi va uning bo‘limlarini qayta rekonstruksiya qilishga 9 milliard 380 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ta’mirlash davomida zamonaviy, eng so‘ngi rusumdagi jihozlar keltirilib o‘rnatiladi.
–Ochig‘i, bu to‘g‘rida eshitgan edik, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Gulnora Quvvatova. – Chunki binolarimiz bugungi kun talabiga javob bermay qolgandi. Buning uchun Prezidentimizga rahmat. U kishining e’tiborlari sabab bu ishlar jonlandi. Ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari mablag‘ talab etardi. Mablag‘imiz esa yo‘q edi. Homiylar bor, ammo ularning yordami keng qamrovli ishlarimizga yetmaydi.




Mazkur yumushlarni, Guliston shahridagi “Bek qurilish avto” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari amalga oshirmoqda.
– Ushbu ta’mirlash ishlarini yil so‘ngiga qadar, nihoyasiga yetkazmoqchimiz – deydi “Bek Qurilish avto MCHJ” ish yurituvchisi Mansur Mustafoqulov. Hozirgi kunda ushbu ob’ektda 60 nafar quruvchilar mehnat qilmoqda. Bundan nafaqat soha xodimlari, aholi ham birdek mamnun.
Sh. Suyarov,
O‘zA.