Barchasi aholi salomatligi uchun
Buxorodagi “Himchan Bukhara” klinikasi viloyatning chekka hududlarida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etmoqda
Haftaning har juma kunlari klinika shifokorlari viloyatning chekka hududlardagi aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan kelishilgan holda tuman markaziy poliklinikalarida aholi nevroxirurg, ortoped, nevropotolog kabi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tadi. Mutaxassislarning tavsiyasi asosida davolanmoqchi bo‘lganlar kasalxonaga yotqiziladi.
– Pandemiya sabab koreys mutaxassislari Koreyaga ketishgan, – deydi registratura bo‘limi boshlig‘i Iqbola Imomova. – Ular bilan onlayn maslahatlar, seminarlar o‘tkazib turamiz. Klinikadagi mutaxassislar Koreya davlatida o‘qib kelishgan. Viloyat hokimligi bilan imzolangan memorandumga asosan 100 nafar ish o‘rni yaratilishi, 7 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritish evaziga klinikamiz bunyod etildi. 100 nafar kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlarga bepul jarrohlik amaliyotini bajarishimiz kerak. 2019 yilda klinikaning ochilishi uzoqqa cho‘zilganligi sababli 9 nafar bemorga Koreya davlatidagi “Himchan” klinikasida endoprotez qo‘yildi. Ayni kunda bemorlarimiz sog‘lom turmush tarzida yashamoqda. Yana 2 nafar bemorning operatsiyasi Buxoroda o‘tkazildi. Ularning sog‘liklari klinikamiz mutaxassislari tomonidan nazoratga olingan.
[gallery-1835]
Klinika mutaxassislari tomonidan viloyatning Olot, Qorovulbozor, Shofirkon, G‘ijduvon, Jondor tumanlari aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Klinika 90 ta statsionar o‘ringa va 100 nafar bemor qatnoviga mo‘ljallangan. Aholiga ortopediya va travmatologiya, neyroxirurgiya, fizioterapiya va reabilitatsiya ixtisosliklari bo‘yicha davolash xizmati hamda magnit-rezonans tomografiya, kompyuter tomografiya, raqamli rentgen, yurak defibrillyatori kabi diagnostika xizmati ko‘rsatiladi. Klinikada 13 nafar shifokor, 62 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari va 65 nafar texnik xodim faoliyat olib bormoqda. Barcha shifokorlar va 19 nafar hamshira Janubiy Koreyada malaka oshirgan.
Klinikada Janubiy Koreya va Rossiya tibbiyot markazlari bilan telemeditsina orqali davolash va maslahatlar onlayn amalga oshiriladi. Bu yerda hamshiralar uchun Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan birgalikda «Reabilitatsiya va fizioterapiya» yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etilgan.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA