Barchasi aholi farovonligi uchun
Arnasoy tumani 4-sektor hududiga Jizzax viloyati soliq boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarda fuqarolar, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha sektor tomonidan olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar bugun natijadorligini ko‘rsatmoqda.
Buni Arnasoy tumanidagi 4-sektor faoliyati davomida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Chunki, tumanda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarning moddiy ahvolini tiklash borasida amaliy harakatlar olib borilib, ayni paytga kelib, ular o‘z samaralarini bermoqda. Ya’ni kambag‘al oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon, ba’zilarining kommunal to‘lovlari, soliq qarzdorligi homiy tadbirkorlar tomonidan to‘lab berilibgina qolmay, moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Arnasoy tumani 4-sektorga qarashli “Bo‘ston” va “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi xonadonlar soni 930 tani tashkil etadi. Jami oilalar soni 1 ming 336 ta, aholi soni 5 ming 66 nafardan iborat.
Murojaatlar bilan ishlash borasida bugun Jizzax viloyati soliq boshqarmasi mas’ul bo‘lgan 4-sektorda o‘ziga xos tajriba to‘plangan bo‘lib, sektor rahbariyati muammolarni bosqichma-bosqich hal etish choralarini ko‘rib borayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Arnasoy tumanidagi “Baxtli” mahallasidagi 60 ta xonadondan iborat “Chamanzor”, “Yoshlik”, “Yangi mahalla” va “Baxtli” ko‘chalaridan iborat aholi punktini maktab, bog‘cha va asosiy aholi punkti bilan bog‘lovchi zovur ustida aholi tomonidan o‘rnatilgan ko‘prik ayanchli holatga kelib qolgan edi.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Toshpo‘latov arnasoylik fuqarolar uchun o‘tkazgan sayyor qabulida aholidan ko‘prikni ta’mirlash borasida murojaat tushgan edi. Ushbu murojaatga asosan, o‘tgan 2022 yilning 1 dekabrida eski ko‘prikni ta’mirlash ishlari boshlandi.
Ushbu piyodalar ko‘prigining mustahkamlik darajasini oshirish maqsadida beton plitalar yotqizilib, ko‘prik suv sathidan 4-4,5 metr balandlatildi. Shundan so‘ng, ko‘prikning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ikki yoniga to‘siqlar o‘rnatildi.
Joriy yil Navro‘z bayrami arafasida so‘nggi ta’mirlash ishlari bajarilib, ko‘prikning yon tomonlariga beton quyildi va mustahkamlik darajasi yana ham oshirildi. Piyodalarga qulay bo‘lishi uchun esa 80 metr uzunlikdagi yo‘laklar ham to‘liq betonlashtirilib, tungi yoritgichlar o‘rnatildi.
“Baxtli” MFYda jami xonadonlar soni bugungi kunga kelib 242 tani tashkil etadi. Bu yerdagi 316 oilada 1 ming 200 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda har bir xonadonning o‘z tomorqasi, ekin maydoni mavjud bo‘lsada, yoz mavsumida ulardan unumli foydalanishning imkoni yo‘q edi. Sektor rahbariyatining sayyor qabulida aholi xonadonlaridagi tomorqani sug‘orish uchun “Oqbuloq” kanalidan oqova suv chiqarish bo‘yicha murojaat tushgan edi. Ushbu murojaatga ham yechim topilib, “Verbud” MCHJ tomonidan quvur orqali oqova suv keltirish choralari ko‘rildi. Mazkur ishlar davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida “Baxtli” va “Zarafshon” MFY aholisi ehtiyoji uchun zarur oqova suv loyihasi ishlari yakuniga yetkaziladi.
Shuningdek, 4-sektor hududida joylashgan “Bo‘ston” MFYgacha 14 kilometr, Do‘stlik tumani Mamajon Dadajonov suv iste’molchilar uyushmasiga qadar yana 4 kilometr, jami 18 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi loyihasi ham aholi manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilmoqda. “Bo‘ston” MFYga boradigan 14 kilometrlik suv quvuri tarmog‘i bosimi pastligi va quvurlarning eskirganligi tufayli uni rekonstruksiya qilishga ehtiyoj yuzaga kelgan edi. Hozirda “Qurilish ta’minoti” korxonasi tomonidan qiymati 18 milliard 131 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha joriy yilning dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Arnasoy tumani 4-sektor hududida joylashgan “Bo‘ston” MFYda Prezidentimizning 2023 yil 2 maydagi “2023–2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ichki yo‘llar asfalt qilinmoqda. Jumladan, sektordagi “Islomobod” ko‘chasi 0,7 kilometr, “Yuksalish”, “G‘alaba” va “Vatanparvar” ko‘chalarida 0,4 kilometrdan, “Islohot”, “Jasorat” ko‘chalarida 0,6, “Obihayot” ko‘chasi 0,5 kilometr yo‘li asfaltlandi.
[gallery-12479]
Ma’lumot o‘rnida, “Bo‘ston” MFYda jami 7 ta ko‘cha uchun 3,6 kilometr masofaga 2 milliard 880 million so‘m moliyalashtirilgan. Shuningdek, “Baxtli” MFYda 6 ta ko‘cha 3,6 kilometr masofaga 2 milliard 896 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
“Baxtli” MFYdagi “Yoshlik” ko‘chasi 0,85 kilometr, “Navro‘z” ko‘chasi 0,37, “Bahor” va “Yangimahalla” ko‘chalari 0,35, “Chamanzor” ko‘sasi 0,7, Tuzkon qo‘rg‘oni ko‘chalariga 1 kilometr masofaga asfalt yotqazish ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik. Hammasi bo‘lib 7,2 kilometr masofaga 5 milliard 776 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sektor mutasaddilari tomonidan atroflicha javob berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA