Barchamiz ezgu maqsad atrofida birlashamiz
Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi butun dunyoni ogʻir sinovdan oʻtkazmoqda.
Munosabat
Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi butun dunyoni ogʻir sinovdan oʻtkazmoqda. Shunday ogʻir davrda befarq boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq. Zero, biz bir soʻzli, ahdiga sodiq, matonatli va sabrli xalqmiz. Eng muhimi, bizdagi hamjihatlik, birdamlik, ahillik boshqa xalqlarda uchramaydi. Shu bois, har qanday ofatni, xavfni barchamiz mehr-oqibat bilan hamjihatlikda yengib kelganmiz.
Har daqiqada dunyoga xavf tugʻdirib, oʻzining ogʻir fojiali oqibatlari bilan insoniyatni tahlikaga solayotgan koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olishda ham yuksak madaniyat va maʼnaviyatimizni namoyon etishimizni davrning oʻzi taqozo qilmoqda.
Bizdan faqatgina hamjihatlik bilan karantin qoidalariga qatʼiy rioya etish, uyda qolib oʻzimizni va yaqinlarimizning salomatligini muhofaza qilishga hissa qoʻshish talab etilayapti, xolos.
Joriy yil 3-aprel kuni muhtaram Yurtboshimiz raisligida koronavirus pandemiyasi keltirib chiqarayotgan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham bu mavzu asosiy diqqat-eʼtiborda boʻldi.
Yigʻilish avvalida Prezidentimizning xalqimizga qilgan murojaatlari esa oʻylaymanki, barcha oʻzbekistonlikning yurak-yuragiga kirib borib, hammamizni yana-da hushyor va hamjihat boʻlishga daʼvat etdi.
Men ham tadbirkor, ham deputat sifatida Yurtboshimizning bu murojaatlaridan ruhlanib, toʻlqinlanib, Ona Vatanimiz, jonajon yurtimiz uchun yana-da sadoqat bilan xizmat qilishga oʻzimni burchdor, deb bildim.
Yigʻilishda Prezidentimizning “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli davrlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz”, deya, kuyinib aytgan soʻzlari barchamizni yana-da sergak torttirdi.
Biz qaysi sohada faoliyat koʻrsatmaylik hammamizning maqsadimiz bir, yoʻllarimiz mushtarak: shu jonajon Oʻzbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshish.
Bu ezgu yoʻlda biz deputatlar ham muhtaram Yurtboshimizga qanot va yelkadosh boʻlib, yonlarida turishimiz, aholiga keng koʻlamli tushuntirish ishlarini olib borishimiz ham qarz, ham farzdir.
Prezidentimiz deputatlarga katta ishonch bildirib, ularning xalq bilan davlat oʻrtasidagi mustahkam koʻprik, deya eʼtirof etganlari ham bizga boʻlgan yuksak ishonchdan dalolat emasmi!?
Bugun biz deputatlar oʻzimizning ibratimiz va namunamiz bilan haqiqiy xalq vakili ekanligimizni koʻrsatadigan vaqt keldi. Shunday ogʻir sinovli onlarda xalqimiz koriga yaramasak, qachon yaraymiz?
Muhtaram Yurtboshimizning murojaatlari orqali “Xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan. Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qatʼiyatiga toʻla ishonaman”, deya qilingan daʼvatga bugun barchamiz labbay, deb javob berishimiz kerak.
Biz qalban bir boʻlsak, hech qanday ofat bizga raxna sola olmaydi. Zero, birlashgan hamisha oʻzgan.
Sardor GʻAFFOROV,
tadbirkor, Xalq deputatlari Navoiy shahar
Kengashi deputati.