Barcha uchastkalar saylovga tayyor
Namangan viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq so‘nggi tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov ommaviy axborot vositalari vakillariga so‘ngi tayyorgarlik haqida axborot berdi.
Qayd etilganidek, Namangan viloyatidagi mavjud 837 ta saylov uchastkasida saylovga jiddiy taraddud ko‘rildi. Saylov kampaniyasida qatnashishga ruxsat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan viloyat, shahar va tumanlar Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan jami 2000 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Shundan 275 nafari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan.
Barcha saylov uchastkalarida fuqarolarning ovoz berish huquqidan to‘laqonli foydalanishlarini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Viloyatda saylov jarayonlarini qonuniy asoslarda yoritish maqsadida 35 nafar OAV xodimi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Saylov uchastkalarida jarayonlarni onlayn kuzatib turish imkoni yaratildi. Saylov kuni real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida hududlardagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida video-kameralar o‘rnatildi.
Joriy yilning 16-23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida saylov uchastkalaridan 60 ming 96 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
Viloyat bo‘yicha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 33,8 ming nafari saylovda ilk marotaba qatnashadigan yigit-qizlarni tashkil etadi. Shundan 18,9 ming nafari esa 18 yoshgacha saylovchilar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim tadbirda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarning huquqlarini to‘laqonli amalga oshirishga ko‘maklashishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Namangan viloyati bo‘yicha saylovchilarning 2 ming 898 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsdir. Ularning ham o‘zlari tanlagan partiya va nomzodlarga ovoz berishini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilgan.
Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj saylovchilarning 1 ming 788 nafari yolg‘iz yashovchi keksalar bo‘lsa, 545 nafari esa yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lgan kishidan iborat. Shundan kelib chiqib, saylov uchastkalariga mustaqil borolmaydigan 2 ming 673 nafar saylovchiga ovoz berish jarayonida ko‘maklashish uchun assistent biriktirilgan.
Viloyatda saylov kampaniyasiga hamda saylovchilarni saylovga jalb qilishga doir telekanallarda 253 ta, radiokanallarda 205 ta, bosma nashrlarda 166 ta, veb-saytlarda 271 ta, telegram kanallarda 220 ta hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda 1582 ta ma’lumot yoritilgani aytib o‘tildi.
Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalardan 4185 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 837 nafar kuzatuvchi ro‘yxatga olindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.