Barcha qulayliklarga ega yangi bog‘cha qurildi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Do‘stlik mahallasida 25 nafar bolajonni qamrab olish imkoniyatiga ega yangi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi. Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida amalga oshirilgan mazkur loyiha mahalla ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan bog‘cha yakka tartibdagi tadbirkor Nasiba Yo‘ldosheva tashabbusi bilan barpo etildi. Qariyb 300 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘i yo‘naltirilgan mazkur maskan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanibgina qolmay, jajji bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishlari, ijodiy rivojlanishlari uchun basrcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

– Har bir ota-ona farzandining yaxshi sharoitlarda tarbiya topishini, sog‘lom va bilimli bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Shu maqsadda ushbu bog‘chani tashkil etdim, – deydi tadbirkor Nasiba Yo‘ldosheva. – Bolajonlarimiz ertangi kun egalari. Ularga qanday sharoit yaratsak, kelajagimiz ham shunday bo‘ladi.


Mahalla ahli ham yangi ochilgan bog‘cha qulayliklaridan mamnun.

– Xususiy bo‘lsa-da, bizning mahallamizda maktabgacha ta’lim muassasasi ochilgani katta imkoniyat, – deydi shu mahallalik Diloram Fayziyeva. – Farzandlarimiz shinam va ozoda sharoitda tarbiya oladi, mutaxassislardan ingliz va rus tillarini o‘rganadi. Bu ularning kelajakda bilimli va yetuk bo‘lishiga xizmat qiladi.

Ochilish marosimida tuman hokimining o‘rinbosarii Xurshid Cheliboyev, mahalla faollari, nuroniylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri